Diktatorning o‘g‘li Filippin Prezidenti bo‘ldi
Olam
−
25 may 2022
5595Marhum diktatorning o‘g‘li 64 yoshli kichik Ferdinand Markos Respublika Kongressi tomonidan Filippinning 17-Prezidenti deb e’lon qilindi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Markos joriy yilning 9 may kuni bo‘lib o‘tgan saylovda 31,1 milliondan ortiq ovoz olgan. Uning asosiy raqibi vitse-prezident Leni Robredo edi. Ayni paytda Filippinning amaldagi rahbari Rodrigo Dutertening qizi, Davao shahrining sobiq meri Sara Duterte-Karpio respublika vitse-prezidenti etib e’lon qilindi.
Ma’lumot uchun, Karapatan huquqni himoya qilish tashkiloti filippinliklarni kichik Markosning Prezident lavozimini egallashiga qarshi chiqishga chaqirgan. Tashkilot vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Markos hokimiyati yolg‘on hamda noto‘g‘ri axborotga qurilgan, asosiy maqsad esa Markoslar oilasining hukumatga qaytarish istagini amalga oshirishdan iborat.
Kichik Ferdinand Markos 1986 yilda oilasi bilan birgalikda mamlakatda “xalq hokimiyati isyoni” nomini olgan harbiy to‘ntarish amalga oshirilganidan keyin Gavayi orollariga qochib ketgan. Katta Markos Prezidentligi davrida zo‘ravon avtoritar boshqaruv, hukumatda korrupsiyaning ildiz otishi va mazkur tizimga qarshi chiqqanlarning qatag‘oni kuzatilgan.
Biroq kichik Markos 1991 yilda Filippinga qaytgan va ko‘p yillar davomida Kongress a’zosi bo‘lgan. Prezidentlik saylovlarida u ommaviy debatlarda ishtirok etmagan, intervyu bermagan va aniq siyosiy dasturga ega bo‘lmaganiga qaramay ijobiy natijaga erishgan.
Yangi Prezident 30 iyun kuni o‘z lavozimida ishga kirishadi.
LiveBarchasi