Diqqat! Toshkentda avtobus yo‘laklariga to‘xtagan mashinalarga jarima yozish boshlandi
Jamiyat
−
26 dekabr 2023
6099Toshkentda intellektual videokuzatuv kameralari avtobus yo‘laklariga to‘xtagan avtomobillarga jarima yozishni boshladi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida Toshkent shahridagi tirbandlik yuqori bo‘lgan ko‘chalar, avtobuslar harakati uchun ajratilgan maxsus A yo‘laklarga to‘xtash va to‘xtab turish qoidabuzarliklarini aniqlovchi intellektual videokuzatuv kameralaridan 30 tasi ob’ektlarda o‘rnatilgandi.
Hozirda mazkur 30 ta intellektual videokuzatuv kameralarining Amir Temur va Alisher Navoiy ko‘chalariga o‘rnatilganlaridan 5 tasi to‘liq ishga tushirildi.
Joriy yilning 24 dekabr kuni mazkur ko‘chalarda to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan 175 ta transport vositalari haydovchilariga nisbatan belgilangan tartibda bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobari – 680 000 so‘m miqdorida jarima belgilandi.
“Haydovchilardan yo‘llarda yo‘l harakati qoidalariga amal qilishlarini va avtobuslar uchun ajratilgan maxsus yo‘laklarda qoidaga asosan harakatlanishlarini so‘rab qolamiz!” deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda endilikda yo‘llar bo‘yida joylashgan maktablar oldida ham radar o‘rnatilishi haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi