Diqqat! TIV Turkiyaga ketayotganlarni ogohlantirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti O‘zbekiston fuqarolarining Turkiya Respublikasi bojxona va chegara nazorat punktlarida, jumladan ayeroportlarda Turkiya hududiga belgilangan me’yordan ko‘proq miqdorda tamaki va alkogol mahsulotlarini olib kirishga urinish faktlari bo‘yicha qo‘lga olinish holatlarga e’tibor qaratdi.

Shu munosabat bilan Turkiya hududida belgilangan me’yordan ortiq tamaki va alkogol mahsulotlarini olib kirgan shaxslarga nisbatan Turkiya Respublikasi Jinoyat kodeksi “Kontrabanda” moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochiladi. Sud Qaroriga muvofiq mazkur shaxslar jinoiy ish sodir etgan deb hisoblanadi va ularga nisbatan olti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va ma’muriy jarima to‘lash jazolari qo‘llaniladi.

Sudning yakuniy qarori chiqqunga qadar Turkiya hududidan deport qilingan va sud hukmiga ko‘ra aybdor deb topilgan shaxslar Turkiya vakolatli organlarining ma’lumotlar bazasiga qidiruvdagi shaxs sifatida kiritiladi va davlat chegarasini kesib o‘tish chog‘ida qo‘lga olinadi. 

Shu munosabat bilan TIV Konsullik-huquqiy departamenti fuqarolarni tamaki, alkogol va boshqa mahsulotlarni olib kirish bo‘yicha Turkiya Respublikasining bojxona qoidalariga amal qilishga chaqiradi. 

Ma’lumot uchun ayni paytda “Yolcular İçin Gümrük Rehberi” (“Yo‘lovchilar uchun bojxona yo‘lko‘rsatgichi”) mobil ilovasi ishlayotganini ma’lum qilamiz.  Turkiya tomoni ishlab chiqqan mazkur ilova Turkiyaga kelayotgan yoki undan chiqib ketayotgan chet el fuqarolari uchun amaldagi bojxona qonunchiligiga muvofiq olib kirish va olib chiqish mumkin bo‘lgan narsalar,  mahsulotlar,  pul va qimmatbaho buyumlar bo‘yicha eng zarur ma’lumotlar bilan tez tanishib chiqish imkonini beradi. 

“Yolcular İçin Gümrük Rehberi” mobil ilovasi internetga ulanishni talab qilmaydi,  avtonom tartibda ishlaydi hamda turk,  ingliz,  rus,  nemis va arab tillarida ma’lumot taqdim etadi. Ilovani “Google Play Store” va “Apple Store”dan bepul yuklab olish mumkin. 

Quyida Turkiya Respublikasining qonunchiligiga muvofiq ayrim tovarlarni olib kirish uchun o‘rnatlgan me’yorlar ilova qilinadi: 

Turkiya Respublikasi hududiga 18 yoshdan oshgan fuqarolar tomonidan bojxona to‘lovlarisiz olib kirish mumkin bo‘lgan mahsulotlar: 

a) Tamaki mahsulotlari: 

1. Sigaretlar – 600 dona

2. Sigarillalar (har bir sigarillaning og‘irligi 3 grammdan oshmasligi kerak) – 100 dona. 

3. Sigaralar – 50 dona. 

4. Kesilgan tamaki (200 dona sigaret qog‘ozi bilan) – 250 gramm. 

b) Alkogol va alkogol mahsulotlari: 

1. Tarkibida alkogol 22 foizdan yuqori bo‘lgan alkogol va alkogol ichimliklari – 1 litr. 

2. Tarkibida alkogol 22 foizdan kam bo‘lgan alkogol va alkogol ichimliklari – 2 litr.

c) Kosmetika mahsulotlari:

1. Maksimum 600 ml – hojatxona suvi, odekalon, lavanda, atir yoki loson, teri uchun 5 ta vosita, makiyaj uchun vosita. 

d) Oziq-ovqat mahsulotlari: 

1. Choy – 1 kg

2. Tayyor eriydigan kofe – 1 kg

3. Kofe – 1 kg

4. Shokolad – 1 kg

5. Shakardan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari – 1 kg


Maqola muallifi

Teglar

TIV Turkiya

Baholaganlar

555

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing