Diqqat, soxta OTM! Inspeksiya abituriyentlarni ogohlantirdi

Jamiyat 3110
image

So‘nggi paytlarda ayrim qo‘shtirnoq ichidagi o‘zini “nodavlat oliy ta’lim tashkiloti” yoki “xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining filiali” deb tanitib, xalq orasida turli xil ijtimoiy tarmoqlarda va OAVda, reklama roliklarida o‘zining yolg‘onlari, g‘araz maqsadlari yo‘lida yoshlarni chalg‘itish, aldash holatlari uchramoqda. Shu sababdan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ogoh bo‘lishga chaqirdi.

Yangi o‘quv yili boshlanganiga 3 oy bo‘lgan bo‘lsada, 2019/2020 o‘quv yili uchun o‘qishga kirishga abituriyentlardan hujjat qabul qilish jarayoni davom etayotganligi va ushbu xizmat uchun pul undirilayotganligi, kontrakt shartnomalari tuzilayotganligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga abituriyentlar, ularning ota-onalari va yaqinlari tomonidan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Xususan, fuqarolardan bo‘layotgan murojaatlarga ko‘ra Rossiya Federatsiyasining ayrim oliy ta’lim muassasalari O‘zbekiston Respublikasi hududida oliy ta’lim berishga ruxsat beruvchi hujjatlarga ega bo‘lmay turib, abituriyentlardan hujjat qabul qilmoqda.

Jumladan:

•    Tomsk davlat boshqaruv tizimlari va radioelektronika universiteti
•    Moliya, iqtisod va zaxiradagi ofitserlar huquqi instituti
•    “Tadbirkorlik oliy maktabi” xususiy oliy ta’lim muassasasi
•    “Sharqiy-Yevropa instituti” ” xususiy oliy ta’lim muassasasi
•    “Sibir biznes va axborot texnologiyalari instituti” nodavlat oliy ta’lim muassasasi va boshqalar.

Qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq, nodavlat ta’lim tashkiloti sifatida Ta’lim inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tmagan nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan berilgan ta’lim olganligi to‘g‘risidagi hujjatlar yuridik huquqqa ega emas. 

Ta’lim inspeksiyasi fuqarolarni haqqoniy va shaffof ma’lumot bilan ta’minlash hamda ularning faoliyat bilan shug‘ullanish vakolatiga ega bo‘lgan ta’lim tashkilotlaridagi ta’lim sifati bo‘yicha ma’lumotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida O‘zbekistonda akkreditatsiyalangan va diplomi tan olinadigan oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatini e’lon qilib bormoqda. Quyidagi havola orqali ro‘yxat bilan tanishishingiz mumkin.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ta’lim xizmatlari ko‘rsatish bozorida sog‘lom raqobatni shakllantirish ta’lim tizimini rivojlantirishning asosiy strategik yo‘nalishlari sifatida biri belgilandi. Xususan, nodavlat ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini yanada rivojlantirish, ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklikning turli shakllarini samarali joriy etish hamda davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. 

Ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziya olish muddati 30 kundan 10 kunga qisqartirildi. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan davlat xizmatlari orqali hujjatlarni fuqaro o‘z yashash hududidan elektron ko‘rinishda topshirish imkoniyati yaratildi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 44
Reyting: 3.2
t
×