Dezinfeksiya tunnellari – koronavirusga qarshi eng foydasiz chora – SSV

Salomatlik

image

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatdagi xizmat ko‘rsatish va savdo ob’ektlari, turar-joylar, metro, davlat va jamoat tashkilotlari, bozorlarga qo‘yilayotgan dezinfeksiya tunnellari – koronavirusga qarshi eng foydasiz chora ekani yuzasidan bayonot bilan chiqadi. Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu dezinfeksiya tunnellaridan foydalanish O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan bugungacha qabul qilingan qarorlarda majburiy etib belgilangan. 

SSVning qayd etishicha, koronavirus profilaktikasi uchun qo‘llaniladigan ayrim choralar samarasiz bo‘lib, vaqt o‘tib ularning salbiy oqibatlari ko‘proqligi ma’lum bo‘lmoqda. “Shunday choralardan biri dezinfeksiya tunnellaridir”, deydi SSV.

“Hozirda bunday tunnellar deyarli har bir tashkilot, xususan,  umumiy ovqatlanish ob’ektlari, aeroport, temir yo‘l vokzallari, bozorlar, supermarket kabi qator  muassasa binolari oldida o‘rnatilgan. Hatto kirish yo‘laklarining boshqa qismlari qizil lentalar bilan o‘ralib, odamlarga shu tunnel orqali o‘tishdan boshqa yo‘l qoldirilmagan”, deyiladi SSV xabarida. 

Respublika  ixtisoslashtirilgan allergologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Raziqova bunday tunnellaring inson organizmiga zararli tomonlari haqida shunday deydi: 

“Dezinfeksiya chorasi sifatida xlorli eritmalardan foydalanishni dunyo davlatlari tajribadan o‘tkazishdi. Amerikalik ekspertlarning ta’kidlashicha, ko‘chalarni dezinfeksiya qilish va dezinfeksiya tunnellaridan keng foydalanish ko‘proq insonlarni vahimaga tushmasligi yoki ularni tinchlantirish maqsadida amalga oshirilgan. Va, shuni aytish lozimki, xanuzgacha buning samarasi isbotlanmagan. 

Dezinfeksiya tunnellarida foydalaniladigan xlorli eritmalar tibbiyotda juda  ko‘p yillardan beri  ishlatiladi va uning inson organizmiga xatarli ta’siri juda kuchli”. 

Qayd etilishicha, kun davomida ishlab turgan tunneldan bir kishi qayta-qayta o‘tishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Davomiy ishlatilgan har bir kimyoviy modda inson organizmida allergik holatlarni keltirib chiqaradi. Allergolok Ilmira Raziqova buning asoratlari o‘ta xavfli tus olib ketishidan ogohlantirmoqda. 

Mutaxassisning aytishicha, bu yuqori nafas yo‘llarining yengil qizarishidan to yengil kuyishgacha bo‘lgan holatlarni chaqiradi. Buning natijasida insonda allergik rinit, konyuktivit, bronxit va hattoki og‘ir  kasallik hisoblanuvchi – bronxial astmaga olib kelishi mumkin.

“Maktablar faoliyatini qayta tiklash masalasi o‘rtaga chiqqanda, bolalarning sog‘ligiga salbiy ta’sirlari inobatga olinib,  Sog‘liqni saqlash vazirligi ta’lim muassasalari oldida dezinfeksiya tunnellarini o‘rnatish qat’iyan man etilishini ta’kidlagan edi. 

Jaxon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham bunday tunneldarning samaradorligi isbotlanmaganligini bildirdi”, deyiladi SSV bayonotida. 

Allergolog  Ilmira Raziqova esa dezinfeksiya tunnellarini metro yoki boshqa muassasa binolari oldida o‘rnatilishi shart emas hisoblaydi. 

“Hozirda bunday noto‘g‘ri profilaktika ko‘z konyuktivasi va yuqori nafas a’zolarining allergik shikastlanishiga sabab bo‘lmoqda. Tunnellar o‘rniga kirish joylarida:

•    o‘zaro masofani saqlash, 
•    isitmani o‘lchash,
•    qo‘llarga antiseptik bilan ishlov berish yo‘lga qo‘yilgani maqsadga muvofiq”, deb aytmoqda mutaxassis.


Maqola muallifi

Teglar

Sog'liqni saqlash vazirligi koronavirus Dezinfektsiya tunneli

Baholaganlar

184

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing