Deputatlar Toshkentda gul ekish uchun 12 milliard so‘m ajratilishini ma’qulladi

Jamiyat

image

Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi joriy yilda poytaxtda gul ekish uchun 12 milliard so‘m ajratishni ma’qulladi. Bu haqda kecha, 19 sentyabr kuni kengash sessiyasida qaror qabul qilindi.

Aytilishicha, shaharda mavsumiy gullar ekish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 6,2 milliard so‘m, gul ko‘chatlari ekish uchun tuman obodonlashtirish bo‘limlariga yana 5,8 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi ma’qullangan. 

Shuningdek, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan boshqarmalar tomonidan 3,7 milliard so‘m ajratilishi belgilangan. Bunda avtotransport vositalari va ishchi xodimlari bilan tasarrufidagi obodonlashtirish ob’ektlarini saqlash, mexanik usulda va qo‘l kuchi bilan tozalash, suv sepish, kuz mavsumida xazonrezgi davrida ko‘chalarni tozalash, qish mavsumida qum-tuz qorishmasini sepish, qor uyumlaridan tozalash, ularni olib chiqib ketish, ko‘kalamzorlashtirish hamda obodonlashtirish ishlari va ishlab chiqarish ehtiyojlari hamda yonilg‘i mahsulotlari narxlari ko‘tarilgani inobatga olingani qayd etilgan. 

Bundan tashqari, Yunusobod tumanidagi Obod mahallasi hududidagi muhandislik tarmoqlari va ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha tanlov (tender) o‘tkazish uchun 1,49 mlrd so‘m hamda Yunusobod mahallasi hududini obodonlashtirish loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun yana 210 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan.

“Toshkent shahar hokimi yuqoridagi xarajatlar uchun shahar mahalliy byudjetining 2023 yilda shakllangan qo‘shimcha manbalari hisobidan mablag‘lar taqsimlash yuzasidan qaror qabul qilsin”, deyilgan ushbu hujjatda.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent gul ekish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing