Deputatlar Ortiqxo‘jayevga minnatdorlik bildirdi
Jamiyat
−
17 yanvar 2023
47686Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi kecha, 16 yanvar kuni lavozimidan ozod etilgan sobiq shahar hokimi va Kengash raisiga minnatdorlik bildirdi. Ortiqxo‘jayevning faoliyati davomida amalga oshirgan ishlari haqida iliq fikrlar yozilgan murojaat Kengashning Telegram-kanalida e’lon qilindi va ko‘p o‘tmay o‘chirib yuborildi.
Deputatlar murojaat avvalida Ortiqxo‘jayevga o‘tgan yillar davomida ularni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan.
“Hurmatli Jahongir Obidovich Ortiqxo‘jayev, 2019−2023 yillarda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi sifatidagi faoliyatingiz davomida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlarini qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur aytamiz”, deydi Kengash a’zolari.
Deputatlarning qayd etishicha, o‘tgan davrda Ortiqxo‘jayev tomonidan bildirilgan takliflar asosida deputatlar aholining ehtiyojmand oilalaridan xabar olishi xalqning deputatlarga bo‘lgan ishonchini oshirgan.
“Sizga, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari tomonidan Toshkent shahrimiz ravnaqi yo‘lida qo‘shgan hissangiz va mashaqqatli mehnatingiz uchun minnatdorlik bildiramiz”, deya qayd etilgan murojaatda.
Ushbu murojaatga Jahongir Ortiqxo‘jayevning hokimlik davrida aholi bilan muloqoti tushirilgan tasvirlardan iborat videorolik ilova qilingan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 yanvar kuni Prezident huzurida bo‘lib o‘tgan energiya resurslari ta’minoti yuzasidan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni ishdan olganini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Ortiqxo‘jayev ogohlantirishlarga qaramay qishga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagan.
Ortiqxo‘jayev o‘rniga uning birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan Baxtiyor Rahmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlandi.