Deputatlar Hukumatga kunduzi “fara”larni yoqib yurishni bekor qilish bo‘yicha xat kiritdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari Vazirlar Mahkamasiga hamda Ichki ishlar vazirligiga kunning yorug‘ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlar yoqib yurish tartibini bekor qilish haqida yana so‘rov xati kiritdi. Bu haqda deputat Rasul Kusherboyev xabar bermoqda.

Deputatning yozishicha, ayni vaqtda jamoatchilik, xususan haydovchilar tomonidan ushbu tartibning 1 yanvardan kuchga kirishi kunduzgi chiroqlari avtomatik ravishda yonmaydigan yangi avtomobilga ega bo‘lmagan fuqarolarda jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkinligi bois, uni bekor qilish masalasida yana murojaatlar bo‘lmoqda.

“O‘z o‘rnida joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlardagi takliflar va mutaxassislarning fikrlari shuningdek, mamlakatimizning iqlim sharoiti, aholining turmush darajasi, ekologik vaziyat hamda imkoniyatlarni inobatga olib, bir guruh deputatlar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga hamda Ichki ishlar vazirligiga ushbu tartibni bekor qilish haqida yana so‘rov xati kiritdik.

So‘rov xatida kunning yorug‘ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi bo‘yicha talabni avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlanmagan avtomototransport vositalariga nisbatan tatbiq etmaslikni so‘radik”, deb yozadi Rasul Kusherboyev. 

Shuningdek, deputat Hukumat va soha vakillari fuqarolar murojaatlari va fikrlari asosidagi ushbu so‘rovni e’tiborsiz qoldirmay, uning yechimi bo‘yicha adolatli qaror qabul qilishiga umid bildirgan.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 apreldagi 292-sonli qarori bilan yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish kiritilib, kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi belgilangandi. 
 
Ushbu kiritilgan o‘zgartirish ko‘pchilik fuqarolar tomonidan norozilik bilan qarshi olinib, bunga asoslar yetarli emasligi, transport vositalarining bugungi kundagi texnik holati mos kelmayotgani kabi e’tirozlar tufayli, deputatlar Hukumatga so‘rov yuborib, ushbu qarorni o‘zgartirishni so‘ragandi.

Shundan so‘ng, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 iyunda “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 460-sonli qarori qabul qilinib, mazkur qoidaning amal qilishi 2021 yilning 1 yanvariga qadar kechiktirilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

256

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing