“Deputatga populizm yarashadimi?”. IIV deputatga javob qaytardi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maxfirat Xushvaqtova ichki ishlar organlari xodimlari shifokorlarni avtomobil boshqarishini  huquqbuzarlik sifatida baholab, jazoga tortayotganini tanqid qilgan edi. Deputat o‘z bayonotida ayrim ichki ishlar xodimlari “sallani desa, kallani olib kelish” qabilida ish tutayotganini aytgan. Deputatning ushbu fikrlari bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi o‘z munosabatini bildirdi.


“O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining (keyingi o‘rinlarda – Maxsus komissiya) 2020 yil 8 apreldagi 17-son bayoni bilan avtotransport vositalari harakatlanishiga ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar ro‘yxati tasdiqlandi.


Ro‘yxatning birinchi bandida Davlat sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiy-sanitariya va epidemiologik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning xizmat va xodimlarining shaxsiy avtotransport vositalarining harakatlanishi uchun ruxsatnoma talab etilmasligi belgilab berilgan.


Shu bilan birga, 17-son bayon talablariga ko‘ra, avtotransport vositalarida harakatlanayotgan tibbiyot xodimlari yonida Davlat sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiy-sanitariya va epidemiologik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarda faoliyat yuritayotganligi to‘g‘risidagi mehnat daftarchasidan nusxa va ish joyidan tasdiqlovchi hujjat bo‘lishi shart.


Ta’kidlab o‘tish lozimki, Maxsus komissiyaning qarorlari talablarini bajarmaslik karantin talablarini buzgan, deb hisoblanadi va tegishli ma’muriy choralar ko‘riladi.
Karantin talablari buzganlik uchun ma’muriy bayonnomalar Ichki ishlar organlari xodimlari (keyingi o‘rinlarda – IIO) tomonidan emas, balki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda – SEN) xodimlari tomonidan tuziladi”, deyiladi rasmiy xabarda.


Vazirlikning ma’lumotiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan maqolalarda IIO xodimlari belgilangan talablarni buzganligi to‘g‘risida aniq biror-bir misol keltirilmagan va ularning qanday vazifalarni bajarayotganligi to‘liq o‘rganib chiqilmasdan, xodimlarga asossiz ayblovlar e’lon qilingan. Shuningdek, IIV o‘z munosabatida bir necha huquqbuzarliklar haqida misollar keltirib o‘tgan. 


“2020 yil 11 aprel kuni Samarqand viloyati Samarqand shahrida tashkil etilgan postda xizmat olib borayotgan IIO xodimlari tomonidan to‘xtatilgan “Kobalt” rusumli transport vositasi haydovchisi X.Q. o‘zini tibbiyot xodimi deb tanishtirgan va dori-darmon “dostavka” qilish bilan shug‘ullanishini aytgan. Biroq X.Q. tibbiyot xodimi ekanligini tasdiqlovchi hech qanday hujjat taqdim eta olmagan. Bu harakatlari bilan X.Q. karantin talablarini qo‘pol ravishda buzgan.


Qolaversa, holat yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirayotgan SEN xodimiga (ayol kishi bo‘lgan) haydovchi X.Q. qat’iy qarshilik ko‘rsatib, xodimning qo‘lidan ma’muriy bayonnomani tortib olib, janjal ko‘targan. Buning ustiga IIO xodimining xizmat kiyimini yirtgan.
Ushbu holat bo‘yicha, Samarqand viloyati, Pastdarg‘om tumani sudi tomonidan haydovchi X.Q.ga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.


2020 yil 5 aprel kuni Surxondaryo viloyati, Termiz shahrida xizmat olib borayotgan IIO xodimlari tomonidan to‘xtatilgan Nexia 3 rusumli transport vositasi haydovchisi I.A. o‘zini tibbiyot xodimi, deb tanishtirgan. Haydovchi I.A. dan tibbiyot xodimi ekanligini tasdiqlovchi hujjat so‘ralganda, buni tasdiqlovchi biror bir hujjat taqdim eta olmagan. Buning ustiga haydovchi I.A. karantin talablarini qo‘pol ravishda buzib, ma’lum miqdordagi pul evaziga 3 nafar fuqaroni noqonuniy ravishda tashiyotganligi aniqlangan.


Haydovchiga karantin talablari tushuntirilayotganda IIO va SEN xodimlariga noo‘rin gaplar bilan javob qaytargan. Holat bo‘yicha tegishli ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, avtomobil jarima maydonchasiga qo‘yilgan”, deya huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’lum qilmoqda IIV. 


Vazirlik o‘z munosabatining so‘ngida Maxsus komissiyaning qarorlari talablariga zid bo‘lgan biror-bir normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagani, ichki ishlar organi xodimlari sinchkovlik bilan ish yuritayotgani haqida aytib, karantin sharoitida IIO va SEN xodimlarining xizmat faoliyati bilan yaqindan tanishib, keyin xulosa chiqarishni tavsiya etmoqda.

“Maxsus komissiya qarorlari talablarini to‘liq bajarish, sanab o‘tilgan yuqoridagi kabi holatlarning oldini olish maqsadida har bir avtotransport vositalari IIO xodimlari tomonidan sinchkovlik bilan tekshirilmoqda.


Ta’kidlab o‘tish lozimki, Maxsus komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini to‘laqonli bajarish maqsadida, Ichki ishlar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan doimiy hamkorlikda faoliyat olib bormoqda.


Shuningdek, IIO organlari xodimlari o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni har qanday ob-havo sharoitida, tunu-kun bajarib kelishmoqda. Maqola muallifiga avvalom bor karantin sharoitida IIO va SEN xodimlarining xizmat faoliyati bilan yaqindan tanishib, keyin xulosa chiqarishini tavsiya etardik.


Bizning asosiy maqsadimiz, tegishli Davlat idoralari bilan hamkorlikda Maxsus komissiya qarorlarini to‘liq bajarish hamda koronavirusning keng tarqalishini oldini olishdan iborat ekanligini yana bir bor eslatib o‘tamiz”, deya yakunlangan idora ma’lumotida.  


Maqola muallifi

Teglar

IIV deputat karantin

Baholaganlar

310

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing