Deputat Rossiya va Qozog‘iston chegarasida qolib ketgan fuqarolarni qaytarish zarurligini aytdi
Jamiyat
−
02 iyun 2020
5007O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis deputati hamda "Yuksalish" umummilliy harakati Raisi o‘rinbosari Bobur Bekmurodov Rossiya va Qozog‘iston chegarasida qolib ketgan O‘zbekistonlik fuqarolarga yordam berish lozimligi haqida aytib o‘tdi.
Qayd etilishicha, ko‘plab xorijiy davlatlarda karantin tartibi e’lon qilingani sababli og‘ir sharoitda qolayotgan fuqarolarni olib kelish Hukumatning kun tartibidagi muhim masalalardan biri bo‘lib turibdi. To‘xtovsiz charter reyslarni tashkil qilish orqali minglab fuqarolar Vatanga qaytarilmoqda.
Deputatning aytishicha, bir necha haftalardan buyon yuzlab fuqarolarimizning Rossiya va Qozog‘iston chegarasida qolayotganliklarini, ularning bizga qilayotgan murojaatlarini ko‘rib ko‘rmayotganlikka olayotgandekmiz.
"Bu fuqarolarimiz elchixona orqali, avvalo o‘z oilalari salomatligini hurmat qilgan holda davlat tomonidan tashkil qilinayotgan rasmiy yo‘llar bilan qaytishlari kerak edi. Ammo bu ijro hokimiyatida mazkur masala bo‘yicha kuzatilayotgan chorasizlikni oqlay olmaydi – har qanday vaziyatda O‘zbekiston fuqarolariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning hayotiy manfaatlarini himoya qilish kerak.
Hukumat tarkibida Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqini himoya qilish departamenti mavjud. Mazkur tuzilmaning qaytishga majbur bo‘lgan fuqarolarimizni olib kelish bo‘yicha aniq rejasi bormi? Ular bir necha haftadan beri ochiq dala sharoitida qolib ketayotgan fuqarolarimizni qaytarishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mas’ul bo‘lgan tashkilot sifatida qanday yechim taklif qiladi?
Bizningcha, qisqa muddatlar ichida birinchi navbatda evakuatsiyaga muhtoj bo‘lgan fuqarolarimizni ro‘yxatini shakllantirish va ularni qaytarish bo‘yicha aniq rejalar e’lon qilinishi kerak.
Bundan tashqari, xorijda bo‘lib turgan fuqarolarimizni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yondashuvlar haqida ham ma’lumot berilishi kerak.
O‘z navbatida, vatandoshlarimiz ham hukumatning bu boradagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashlari, cheklangan imkoniyat sharoitida e’tiborni birlamchi ehtiyoji bo‘lganlarga berilishini tushunishlari kerak bo‘ladi", deydi Bekmurodov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 iyunigacha xorijga 9 charter reys amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
LiveBarchasi