Depay Braziliyada futbol qoidasi o‘zgarishiga sabab bo‘ldi (video)
Sport
−
08 aprel
2399Niderlandiya terma jamoasi hujumchisi Memfis Depay Braziliya chempionati reglamentida o‘zgarish qilinishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Braziliya futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Korintians”da o‘ynayotgan futbolchi “Palmeyras”ga qarshi o‘yinda raqiblarini g‘azablantirdi. O‘yin oxiriga kelib Depay ikki oyog‘i bilan to‘p ustiga chiqdi. Depayning xatti-harakatlari maydonda tartibsizliklarni keltirib chiqardi, bu esa janjal va hatto ba’zi o‘yinchilarning qizil kartochkalariga sabab bo‘ldi.
O‘yindan ko‘p o‘tmay, rasmiylar bundan buyon bunday g‘alati ishlar futbolchilarga sariq kartochka ko‘rsatilishi bilan yakunlanishini e’lon qildi. Qoidalarga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Mart oyi oxirida bu jamoalar ikki o‘yindan iborat finalda to‘qnash keldi. Birinchi o‘yin “Korintians”ning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan bo‘lsa, takroriy o‘yin golsiz durang (0:0) bilan yakunlandi.
Depayning o‘zi holat bo‘yicha e’tirozini bildirdi.
“Men Braziliyaga chiroyli futbol ko‘rsatish uchun kelganman, lekin kecha Braziliya futbol federatsiyasi hech bir futbolchi to‘pga chiqmasligi kerakligini e’lon qildi. Bu go‘zal futbol mamlakatining kelajagini kim hal qiladi? Bunday bema’ni qoidalar o‘rniga, qanday qoidalar sportni yaxshilashi mumkinligiga e’tibor berish kerak”, deydi Depay.
Depayning bu pozitsiyasini braziliyalik taniqli futbolchi Neymar ham qo‘llab-quvvatladi.
“Futbol borgan sari zerikarli bo‘lib bormoqda” deydi Neymar.
31 yoshli Memfis Depay faoliyati davomida PSV, “Manchester Yunayted”, “Lion”, “Barselona” va “Atletiko Madrid” klublarida ham o‘ynagan. U “Lion” safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan – 178 ta o‘yin va 76 ta gol. Depay 2013 yilda Niderlandiya terma jamoasida debyut qilgan va uning hisobida 100 ta o‘yin va 47 ta gol bor.
LiveBarchasi
Trenddagilar


