Denovdagi portlash bo‘yicha uch kishi qamoqqa olindi
Jamiyat
−
16 dekabr 2021
12778Kecha, 15 dekabr kuni Denovdagi savdo majmuasida yuzaga kelgan chaqnash hodisasi bo‘yicha tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida uch kishi qamoqqa olindi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Denov shahar gaz bo‘limi boshlig‘i, Hududgaz Surxondaryo gazta’minotining 2 nafar xodimlari jami 3 nafar shaxsga Jinoyat kodeksining 116, 214-moddalari bilan ayb e’lon qilinib, "qamoqqa olish" ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Avvalroq Denovdagi portlashga savdo majmuasi ostidan hokimligi qozonxonasini gaz bilan ta’minlovchi o‘rta bosimli quvur o‘tgani aniqlangani haqida xabar bergan edik. "Indenim" savdo majmuasi gaz quvurining aynan o‘zida qurilgani sababli yer ostidagi kommunikatsiyalar sozligini tekshirish uchun kirish yo‘li bo‘lmagan. O‘tkazilgan tekshiruvlarda majmua ostida hosil bo‘lgan daydi toklar metall quvurlarning tashqi korroziyasiga va gaz quvurida nuqsonlar paydo bo‘lishiga olib kelgan. Bu esa o‘z navbatida gaz sizib chiqishiga va gaz-havo aralashmasining portlashiga sabab bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, portlash 7 dekabr kuni soat 03:57da Denov shahri Mustaqillik ko‘chasida joylashgan 2 qavatli “Indenim” savdo majmuasi binosida sodir bo‘lgan. Portlash natijasida savdo majmuasi binosi devorlari qulab tushgan.
Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari soat 04:02 da voqea joyiga yetib borib, chaqnash natijasida sodir bo‘lgan yong‘inni soat 04:25 da o‘chirgan.
Hodisa joyiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi Hukumat komissiyasi safarbar etilgan.
Hukumat komissiyasi tarkibiga IIV, FVV, Milliy Gvardiya, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa idoralar vakillari kiritilgan.
Voqeada 9 kishi jarohatlandi. Vayronalar ostidan ikki kishining jasadi topilgan.
Savdo majmuasida yuzaga kelgan portlash bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 257 (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 259 (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 dekabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida o‘tgan hafta Denovda bo‘lgan portlashga e’tibor qaratib, bu voqeadan hamma ko‘zini ochishi kerakligini ta’kidladi.
“Denovdagi bo‘lgan noxush voqea hammaning ko‘zini ochishi kerak.
Har bir hokim, prokuror, ichki ishlar, Milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar va qurilish, sanoat xavfsizligi boshqarmalari rahbarlari o‘z hududida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, texnik standartlarga amalga qilish, pala-partish qurilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, yerosti tarmoqlar hisobini yuritish ustidan qat’iy nazorat tizimini o‘rnatishi shart”, degan davlat rahbari.
LiveBarchasi