Denovda o‘quvchi bolalar sovuqda yupun holda tadbirga jalb qilindi
3-sahifa
−
06 yanvar
5667Ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchilarni sovuq havoda yupun kiyimda tadbirga jalb qilingani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, 2024 yilning 6 dekabr kuni Surxondaryo viloyatining Denov tumani hududidan o‘tgan avtomobil yo‘li bilan bog‘lovchi, temiryo‘l ustidan o‘tgan ko‘prik foydalanishga topshirilib, ko‘prikning ochilish marosimiga sovuq ob-havoda Denov tumanidagi 14 va 16 -sonli musiqa maktablarining o‘quvchilari (16 qiz hamda 4 o‘g‘il bola) tumanning Madaniyat boshqarmasi topshirig‘iga ko‘ra yengil bayramona kiyimlarni kiygan holda jalb qilingan.
Ushbu holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Madaniyat vazirligiga bolalarning sog‘ligini xavf ostiga qo‘ygan mas’ullarga tegishli chora ko‘rish va bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan taqdimnoma kiritdi. Taqdimnoma vazirlik tomonidan o‘rganib chiqilib, bolalarning sog‘ligi xavf ostiga qo‘yilgani yuzasidan hududning tegishli mansabdor shaxslariga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanadi.
Shuningdek, Madaniyat vazirligi tomonidan vazirlik tasarrufidagi tashkilotlarga yuqorida qayd etilgan qonunbuzilish holatlariga takroran yo‘l qo‘ymaslik, o‘quvchilarni har qanday tadbirlarga asossiz jalb qilishni qat’iyan taqiqlash choralarini ko‘rishga oid ko‘rsatmalar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, bolalarning sovuq ob-havoda yupun kiyimda tadbirga jalb qilish holatlari avval ham ko‘p kuzatilgan. Jumladan, 2022 yilning fevral oyida Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi “Yangi yo‘l” MFY hamda “Oltin meros” hayriya jamoat fondi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda o‘quvchi qizlar sovuqda yupun holda mehmon kutib olishga majburlangandi. Shuningdek, o‘sha yilning dekabr oyida Qashqadaryoda bo‘lib o‘tgan tadbirda yupun kiyingan o‘quvchi qizlar sovuqda Shahrisabz shahar hokimligi tomonidan hokimlik tadbiriga olib chiqilgandi.
LiveBarchasi