Denovda Toshqulovning tashrifiga tayyorgarlik avjida: vazir bilan uchrashuvga es-xushi joyida talabalar chiqadi
Jamiyat
−
04 may 2021
16822Bugun, 4 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovning Denov tadbirkorlik va pedagogika institutiga (DTPI) bo‘lajak tashrifi uchun qanday tayyorgarlik ko‘rilayotganiga doir surat tarqaldi.
DTPIning Tarix kafedrasi (institut saytidagi ma’lumotga ko‘ra Tarix va ijtimoiy fanlar kafedrasi) kanaliga yuborilgan suratda Shuhrat Amanqulov nomidan yozilgan xabarni ko‘rish mumkin.
Xabarda Shuhrat Amanqulov kafedra mas’ullariga vazir bilan uchrashuvga es-xushi joyida talabalarni tayyorlash va ogohlantirish bo‘yicha ko‘rsatma berganini ko‘rish mumkin.
“Umuman, qaysi guruhga kirilsa ham, talabalarimiz Prezidentimiz tomonidan oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar uchun minnatdorlik kayfiyatini namoyon etishi kerak. Denovda yaratilgan sharoitni qo‘llab-quvvatlashlari kerak. Har xil demokratik fikrlarini menga va sizga aytishsa yetadi. Hamma sharoit yetarli, faqat biz yoshlar yaxshi ta’lim va tarbiya olishimiz lozim degan g‘oyani gapirishsin, televizorda ham zo‘r chiqadi”, degan Amanqulova.
So‘zi yakunida esa u “o‘zi shundoq ham jamiyat osmondan tushsa, yotib yeyman deydigan boqimandalarga to‘lib ketdi”, degan.
Yuqorida Shuhrat Amanqulov qo‘ygan talablardan kelib chiqilsa, DTPIda es-xushi joyida bo‘lmagan talabalar ham o‘qiydi. Keyingi aytilgan fikrlarga ko‘ra, demokratik qarashga ega va talabchan talabalar vazirning oldida ko‘rinish bermagani yanada yaxshi. Shuhrat Amanqulovning yozganlaridan xulosa qilinsa, DTPIda erkin fikrlovchi kadrlar emas, “xaybarakallachilar” tayyorlashga ko‘proq e’tibor qaratilayotgandek, tasavvur paydo bo‘ldi.
Holat yuzasidan hozircha na Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, na Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti rasmiy munosabat bildirdi.
LiveBarchasi