Demokratlar Baydenning Isroilga qurol sotish bo‘yicha qaroriga qarshi

Olam

image
“Falastinga ozodlik” – AQSH poytaxtida Isroilga qarshi namoyish o‘tkazildi north_east

“Falastinga ozodlik” – AQSH poytaxtida Isroilga qarshi namoyish o‘tkazildi

Demokratlar partiyasidan bo‘lgan AQSH senatorlari Prezident Jo Bayden ma’muriyatidan Isroilga qurol sotish to‘g‘risidagi qarorning bajarilishini keyinga qoldirishni so‘ramoqchi. Bu haqda bugun, 19 may kuni yahudiylarning Vashingtondagi “Haaretz”  nashri yozmoqda

Qayd etilishicha, Jo Bayden ma’muriyatining Isroilga qurol yetkazib berish to‘g‘risidagi qarorini to‘xtatib turish va qayta ko‘rib chiqish tashabbusi bilan Xalqaro aloqalar qo‘mitasidan bo‘lgan demokrat senatorlar chiqqan. 

Xabarga ko‘ra, Isroilga qurol yetkazib berishga qarshi demokratlar avvalroq ushbu masala bo‘yicha favqulodda yig‘ilish o‘tkazgan. Ularning xavotir bildirishicha, “Arab-Isroil mojarosining avj olishi” fonida ushbu kelishuvni amalga oshirish AQSH Prezidenti ma’muriyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 17 may kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Isroilga 735 million AQSH dollari miqdorida yuqori aniqlikda zarba beruvchi qurol-yarog‘ sotishni ma’qulladi.

AQSH qonunchiligiga ko‘ra, Kongressning Vakillar palatasi va Senati a’zolari Bayden ma’muriyatining yuqoridagi qarori yuzasidan 20 kuch ichida shikoyat qilishi mumkin, lekin ushbu shikoyat majburiy xarakterga ega bo‘lmaydi.

Isroil-Falastin mojarosining keskinlashishi

Joriy yilning 7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinlik arablar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilingani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqardi. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi. 

Shundan so‘ng, G‘azoni nazorat qiluvchi falastinliklarning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirdi: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.

Shart bajarilmagach, 10 may kuni ushbu harakat Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. Vaqt o‘tishi va ikki o‘rtadagi ziddiyat ortib borishi bilan bu ssenariy ko‘p marta takrorlandi. HAMAS raketa uchiraverdi, Isroil uning katta qismini zararsizlantirib, qarshi hujum bilan javob qaytaraverdi.

Isroil sudining birgina qarori va masjidga qilingan hujum shunday shiddatli harbiy harakatlarni keltirib chiqardi. Oqibatda esa G‘azo sektorida yashovchi 126 arab halok bo‘ldi, 1000 ga yaqin jarohat oldi.

Xalqaro munosabat

Ta’kidlash joizki, xalqaro munosabatlarning ba’zi ishtirokchilari ushbu masalada faqat til uchida munosabat bildirgan bo‘lsa, boshqalari Isroilni hatto terrorda aybladi. 

Ayniqsa, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ushbu masalada faol: bir qator islomiy davlatlar rahbarlari bilan Isroilning xatti-harakatlarini muhokama qildi, Armanistonga qarshi urushda Turkiya Ozarbayjonni qanday qo‘llagan bo‘lsa, Isroilga qarshi kurashda Falastinni ham shunday qo‘llashini ma’lum qildi

Erdo‘g‘an Falastin davlatining inqroziga bugun to‘xtalayotgani yo‘q. U avvaldan jahon hamjamiyatining e’tiborini ushbu mavzuga qaratib kelgan. Jumladan, 2019 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 74-majlisida Erdo‘g‘an nutq so‘zlab, Isroilning Falastinni butunlay egallab olayotgani, BMT esa bunga tomoshabin bo‘lib turganini qoraladi. O‘shanda Erdo‘g‘an minbarga Isroil va Falastin tuproqlari aks etgan xarita bilan chiqqan. Undagi to‘rt suratda 1948 yil – Isroil davlati tashkil topgandan buyon Falastin yerlarini qanchalik egallab borayotgani tasvirlangan edi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi.

Qator musulmon davlatlar umumiy ravishda Isroil xalqaro huquq normlarini buzayotganini aytib, norozilik bildirdi. Ularning orasida Iordaniya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, Bahrayn va BAA bor.

Keyinchalik, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Isroilning Sharqiy Quddus va G‘azodagi so‘nggi hujumlariga munosabat bildirib, Misr va Iordaniyaning harakatsizligini tanqid qildi. U Isroil hukumatini “qonxo‘r sionist” deb atadi. Shuningdek, Eron HAMAS tashkilotini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

Isroilning “tutingan akasi” AQSH esa har ikki tomonni ham vaziyatda aybdor deb, mojaroni tugatishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi e’tiborini falastinliklarning noqonuniy ko‘chirilishiga qaratdi. Xitoy esa bu vaziyatda Falastinning yonidan joy olishini e’lon qildi.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston Al-Aqso masjidi atrofidagi vaziyatni hurmat qilishga, O‘zbekiston esa ushbu masjid daxlsizligini ta’minlashga chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

23

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing