Demokratiya Ilon Maskdan kuchliroq – Shols

Olam

image

Germaniya kansleri Olaf Shols AQSH hukumati samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari milliarder Ilon Maskning Germaniyadagi saylov kampaniyasiga aralashuvini tanqid qildi. Bu haqda u bugun, 15 fevral kuni chop etgan “Funke Mediengruppe” gazetasi va Fransiyaning “Ouest-France” nashriga intervyusida so‘z ochdi.

“Demokratiya Ilon Maskdan kuchliroq”, deb ta’kidladi Shols.

Germaniya Vazirlar Mahkamasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u DOGE rahbari “Yevropada – nafaqat Germaniyada, balki boshqa ko‘plab mamlakatlarda ham o‘ta o‘ng partiyalarni saylashga chaqirayotganidan” xavotirda.

“AQSH bizning do‘stimiz. Biz birinchi navbatda 1945 yildan keyin Germaniya demokratik va erkin davlatga aylangani uchun Qo‘shma Shtatlardan minnatdormiz. Bizning munosabatlarimiz ana shu poydevorga asoslanadi”, deydi Olaf Shols Vashington bilan Donald Tramp davridagi munosabatlar holatiga to‘xtalib o‘tarkan.

Shu bilan birga, siyosatchi Tramp tomonidan e’lon qilingan alyuminiy va po‘lat bojlarini tanqid qildi.

“Asosan, menimcha, bizga ko‘proq emas, kamroq savdo to‘siqlari kerak”, dedi Shols Yevropa bu masalada birlashgan front sifatida harakat qilayotganini qo‘shimcha qilib.

Germaniya kanslerining ta’kidlashicha,  450 million aholisi bo‘lgan Yevropa Ittifoqi dunyodagi eng yirik iqtisodiy zonadir.

“Bu bizga mustahkam pozitsiya beradi. Yevropa Komissiyasi Vashingtonning tarif choralariga juda tez munosabat bildiradi”, dedi u. 

Ma’lumki, Oq uyga qaytgach, Donald Tramp qattiq tarif siyosatini amalga oshira boshladi. U Yevropa bilan savdo taqchilligini kamaytirish zarurligini aytib, Yevropa Ittifoqiga bojlar joriy qilish bilan tahdid qildi. Bundan tashqari, Amerika yetakchisi “noqonuniy muhojirlar va narkotiklar tahdidi” tufayli Xitoydan keladigan tovarlarga 10 foizlik, shuningdek, qo‘shni Meksika va Kanada mahsulotlariga 25 foizlik bojlar joriy etishni buyurdi.

Ottava va Mexiko shahri AQSH bilan chegaralarida xavfsizlikni kuchaytirishga va’da berganidan so‘ng, ikkinchisi 30 kun davomida muzlatib qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens Myunxen xavfsizlik konferensiyasida (MSC) Yevropa davlatlarining migratsiya, so‘z erkinligi va xavfsizlik sohasidagi siyosatini tanqid qilgandi. Uning so‘zlariga javoban Germaniya hukumatining rasmiy vakili Shteffen Xebstreyt “do‘st davlatning ichidagi siyosiy bahs-munozaralarni to‘liq anglab yetmasdan uning ichki ishlariga aralashmaslik”ga chaqirdi. Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatini qo‘pollikda, belgilangan qoidalar, hamkorlik va ishonchni buzganlikda aybladi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya AQSh Ilon Mask Olaf Shol'ts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing