“Delimxonov tirik, u Chechenistonda” – “Axmat” qo‘mondoni
Olam
−
14 iyun 2023
9317Rossiya Davlat Dumasi deputati hamda Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning “o‘ng qo‘li” Adam Delimxonov Ukrainadagi janglardan birida og‘ir yaralangani haqida xabar bergan edik. 2-armiya korpusi qo‘mondoni o‘rinbosari, “Axmat” maxsus kuchlari qo‘mondoni Apti Alaudinov mazkur xabarga munosabat bildirib, Delimxonov tirik va hozirda Chechenistonda ekanini ma’lum qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
“Bularning barchasi yolg‘on. Adam Sultonovich butunlay sog‘ va u hozirda Respublikada (Chechenistonda) – Ramzan Axmatovichning oldida. Shuni aytamanki, qachon biz yo‘q bo‘lsak, o‘lganga chiqarishadi”, deydi Alaudinov.
Bundan tashqari, Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin biroz avval Delimxonov bilan suhbatlashgani hamda u tirik va sog‘lom ekanini ma’lum qilgan. Keyinroq u Davlat Dumasi yalpi majlisi oldidan “hozirgina” deputat Delimxonov bilan gaplashganini aytgan.
Bunga nisbatan Ramzan Qodirov ham e’tibor qaratib, o‘zining Telegram kanalida go‘yoki Delimxonov bilan bog‘lana olmayotganini yozgan hamda Ukraina razvedkasidan “qadrli birodari”ni topish uchun unga qaysi joyda zarba berilganini aytishlarini “iltimos qilgan”. Buning uchun hatto ularga mukofot ham va’da qilgan.
Delimxonovning yaralangani haqidagi xabarni birinchi bo‘lib tarqatgan “Zvezda” nashri esa bu xabarni uch marta tahrirlagan. Oxirgi versiyada “Delimxonovning jarohatlangani haqida hech bir rasmiy tasdiq yo‘q”, deya yozilgan.
So‘nggi xabarlar Delimxonovning jarohatlangani yoki hatto halok bo‘lgani haqidagi gaplarni rad etyapti. Biroq hozirgacha uning tirikligini tasdiqlovchi biror dalil e’lon qilinmadi.
LiveBarchasi