Dehqonobodga 4 oy rahbarlik qilgan hokim ishdan olindi

Jamiyat

image

Qashqadaryo viloyatidagi Dehqonobod tumanini 4 oydan beri boshqarib kelayotgan Akrom Isomiddinovich Sulaymonov tuman hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimidan ozod etildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, u bugun, 24 fevral kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Dehqonobod tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida lavozimidan ozod etilgan.

Akrom Sulaymonovning o‘zi ham ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ishdan olinganini tasdiqlagan.

“Azizlar, mehnat faoliyatimda navbatdagi o‘zgarishlar sabab Dehqonobod tumanini tark etdim. Qisqa vaqt bo‘lsa-da, menga ishonch bildirib, o‘z yaqini, aka-ukasidek ko‘rgani uchun barcha faxriylarimizga, hamkasblarimga, ayniqsa, samimiyat va mehmondo‘stlik uchun barcha Dehqonobod tumani ahliga chin yurakdan minnatdorlik bildiraman.
Afsusdaman, barchangizdan uzr so‘rayman, hali qilinadigan ishlar juda ko‘p edi, qayerdadir tugallanmagan ishlarimiz qoldi, o‘ylaymanki, yangi hokimimiz bu ishlarni davom ettiradi.
Menga bergan amaliy yordamingiz, qo‘llab-quvvatlaganingiz, umuman, hamma-hammasi uchun yana bir bor rahmat sizlarga. Yaratgan egam barchangizni o‘z panohida asrasin”, deb yozgan u Facebook’dagi sahifasida.

Sulaymonov Dehqonobodga rahbarlik qilishdan avval Shahrisabz tumanini boshqargan. Ayni damda u nima sababdan lavozimidan bo‘shatilgani va qaysi vazifaga tayinlangani ma’lum emas.

Ma’lumot uchun, Akrom Sulaymonov 2023 yil 26 oktyabr kuni Qarshi tumaniga hokim qilib o‘tkazilgan Zoir Aliqulov o‘rniga Dehqonobod tumani hokimi etib tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uchko‘prik tumani hokimi lavozimida 2022 yil may oyidan buyon faoliyat yuritayotgan Abrorjon Asqarov ishdan olingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo hokim Dehqonobod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing