Dehqon bozorida ayollar nega janjal ko‘tardi? (video)

Jamiyat

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Oqqo‘rg‘on tumani markazidagi dehqon bozorida yuz bergan janjal videosi tarqaldi.

Toshkent viloyati hokimligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, vaziyat ichki ishlar organlari hamda hokimlik mas’ullari tomonidan qat’iy nazoratga olingan. Organ xodimlari va savdogarlar o‘rtasidagi bahsli holat bo‘yicha tuman hokimligi mas’ullari ishtirokida maslahatlashuv o‘tkazildi.

"Mazkur voqea joriy yilning 14 avgust kuni bo‘lgan. Kunduzi 11:00 da “Oqqo‘rg‘on dehqon bozori” MCHJ hududiga Alisher Navoiy ko‘chasi tomonidan kirish qismida, tuman hokimining 1836-sonli “Oqqo‘rg‘on shahri Birlik MFY A.Navoiy ko‘chasi hududidagi bo‘sh turgan yer maydonida fuqaro Qurbonov Davron Ergashevich tomonidan ikki qavatli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi qurilishi uchun ruxsat berish” to‘g‘risidagi Qarori asosida qurilish ishlarini boshlash uchun ustalar ish boshlagan. 

Shu vaqtda bozorga kirish yo‘lini devor bilan berkitayotgan vaqtida, shu yerda poliz ekinlari va oziq-ovqat mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanayotgan ayollar qurilayotgan devor o‘zlarining savdosiga xalaqit qilishini aytib, qurilishni to‘xtatishni talab qilishgan. 

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bu joy bozorning asosiy kirish yo‘lagi emas, orqa tomon. Qolaversa, rasman bozor darvozasi ham emas. Qolaversa, bu yerdagi yoymachilar (savdo rastalarida emas, yerda, ko‘chalarda savdo qiluvchilar) tufayli hududda avtomashinalar tirbandligi vujudga kelgan. Piyodalar o‘tish joyida yo‘l-transport hodisasi tez-tez bo‘lib turadi. Shu bois ham mazkur norasmiy darvoza (bozorning chiqish yo‘lagi) qurilishini rejalashtirilgan.

Tushuntirishlarga qaramay, 5 nafar savdogar ayol (ularning ism-familiyasini etika yuzasidan nomma-nom keltirishni joiz ko‘rmadik) baqir-chaqir qilib, atrofdagi olomonni  e’tiborini o‘zlariga qaratib, quruvchi ustalar va bozor rahbarini ham haqorat qilib, ko‘plashib qurilayotgan devorni buzib tashlagan. 

Shundan so‘ng voqea joyiga tezkor-tergov guruhi IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi katta leytenant I.Raimov, IIB JQB tezkor vakili mayor E.Arslonov, IIB HPB TP profilaktika inspektori katta leytenant O‘.Tursunov, IIB EKG eksperti kapitan A.Mirzaliyev va YHXB inspektori serjant S.Jumayevlar yetib borib, holat yuzasidan tegishli hujjatlarni qonuniy, o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirish vaqtida xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmaganligi sababli, to‘plangan hujjatlarni tuman IIB Navbatchilik qismidagi SHAKL-2 kitobiga 703-son bilan qayd qilib, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangan", deyiladi viloyat hokimligi xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

janjal bozor Oqqo'rg'on

Baholaganlar

166

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing