Dayjest. COVID-19 chekinmoqda – so‘nggi 24 soatda shifo topganlar soni ortdi

Olam

image

Dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 1 429 437 nafarni tashkil etmoqda. Hozirga qadar 82 074 bemor vafot etdi. Infeksiyadan 300 767 (kecha 277 331) kishi shifo topib, tuzalib ketdi.

O‘zbekistonda so‘nggi 24 soat ichida koronavirusga chalinganlar 472 nafarni tashkil qilmoqda. 30 kishi butunlay sog‘aygan bo‘lsa, 2 kishi vafot etdi.

Qozog‘istonda ushbu infeksiyadan zararlanganlar soni umumiy hisobda 704 nafarga yetdi. So‘nggi 24 soat ichida ular soni 7 nafarga ko‘paygan. Koronavirusdan 6 kishi vafot etgan bo‘lsa, 51 (kecha 46) bemor undan shifo topgan.

Argentina Milliy universiteti koronavirus fonida tibbiy niqoblarni 3D-printerlaridan chiqarishni boshladi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, bitta niqobni tayyorlashga bir yarim soat vaqt ketadi. Hozircha bunday niqoblardan 720 tasi tayyorlangan. Mamlakatdagi yana 12 ta tibbiyot muassasasida ushbu niqoblarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Xitoy hukumati bir vaqtlan butun dunyo bo‘yicha koronavirus o‘chog‘i hisoblanmish Uxan shahridagi harakatlarga qo‘yilgan barcha cheklovlarni olib tashladi. Shahar 23 yanvardan 8 aprelgacha– 76 kun izolyatsiyada bo‘ldi.

AQSHning Illinoys shtati gubernatori Jey Robert Pritskerning ma’lum qilishicha, koronavirus sabab xavf ostida qolgan 1 100 nafardan ortiq mahbus ozodlikka chiqarilgan. So‘nggi 24 soat ichida AQSHda virusdan zararlanganlar soni 383 mingga yetdi. 10 021 bemor olamdan o‘tdi.

Misrning valyuta zaxirasi koronavirus sabab mart oyida 5 milliard dollarga kamaydi. Mamlakat Markaziy bankining ma’lum qilishicha, qolgan zaxira sakkiz oyga yetadi. Bank ma’lumotlariga ko‘ra, Misrning xalqaro valyuta zaxiralari mamlakat tarixida birinchi marta rekord darajaga – 45 milliard dollarga yetdi.

Dunyoning boshqa davlatlarida quyidagi holat kuzatilmoqda: Germaniyada 107 ming kishi koronavirusdan zararlandi, shuningdek, 36 ming bemor undan shifo topdi. Fransiyada esa, mamlakatda infeksiya aniqlanganidan beri, undan vafot etgan soni 10 mingdan oshdi. Ayni paytda mamlakatda virus bilan zararlangan 30 ming atrofida bemor shifoxonalarga yotqizilgan. Ulardan 7,1 minggi jonlantirish bo‘limida qolmoqda. Turkiyada so‘nggi 24 soat ichida 7 ming odam virus bilan zararlandi va mamlakat bo‘ylab ular soni 34 mingdan oshdi.


Maqola muallifi

Teglar

dayjest

Baholaganlar

538

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing