Ketgan Rahmatulloh qori, qaytgan Qodirov, urushni to‘xtatgan Putin – Hafta dayjesti
Tahlil
−
07 yanvar 2023
17307Xalqda zargar firibgar bo‘lsa, oltin zanglar, degan naql bor. Bolalagimdan prokuror, huquqshunos bo‘lishni juda orzu qilardim. Ammo o‘tgan 5 yilda mamlakatning naq uchta Bosh prokurori panjara ortiga tashlanganidan keyin, o‘xxo‘, orzumga yetmaganim ham afzal bo‘lgan ekan, deb qo‘ydim o‘zimga o‘zim va eng boshida aytganim maqolning mag‘zini chaqdim. Gapni nega bundan boshladi deyotgandirsiz. Hammasini bilasiz, bilmasangiz, quloq tuting.
10 yilga qamalib, 3,5 yilda chiqqan Qodirov
O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov 2023 yilning 2 yanvar kuni ozodlikka chiqdi. To‘g‘ri, bu haqda davlat idoralaridan rasmiy xabar berilgani yo‘q. Ammo manbalarimiz buni tasdiqladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 29 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tumani sudida Rashid Qodirovga oid ishni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tgan. Sudning hukmiga ko‘ra, Rashid Qodirov Jinoyat kodeksining 73-moddasi (Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish) bilan ozodlikka chiqarilgan.
U bungacha Zangiota tumani 22-sonli jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan edi.
Mamlakat Bosh prokuraturasini 15 yil boshqargan Rashid Qodirov 2019 yil 26 iyun kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining hukmi bilan, prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda katta lavozimlarida ishlagan M.Mirzayev, J.Fayziyev, U.Sunnatov, R.Po‘latov, A.Musashayxov, U.Xurramov, Yu.Gaipov, A.Mirzayev, M.Mirzayeva, fuqarolar S.Kosimov, A.Ikramov va X.Axmedjanov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib pora olish, pora berishga dalolat qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Rashid Qodirovga JK 50-moddasining 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, sud og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan Rashid Qodirovni maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qildi.
O‘shanda Rashid Qodirov va boshqalarga nisbatan ochilgan jinoyat ishining sudda ko‘rilishi ham OAV uchun ochiq bo‘lishi aytilgandi. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning aprelida Andijon viloyatiga tashrifi vaqtida o‘tkazilgan yig‘ilishda sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov televideniye orqali gapirtirilishi haqida aytib o‘tgandi. Ammo yakunda unday bo‘lmadi. Unga nisbatan ochilgan jinoyat ishi esa yopiq sud majlislarida ko‘rilib, jazo tayinlandi.
Bosh imom-xatiblikdan ham, mamlakatdan ham ketgan Rahmatulloh domla
Toshkent shahar bosh imom-xatibi lavozimida ishlab kelayotgan Rahmatulloh domla Sayfuddinov tugayotgan haftada egallab turgan lavozimidan ozod etildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, Sayfuddinov o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketgan.
Uning o‘rnini “Abu Saxiy” jome masjidi imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov egalladi.
U Toshkent shahar bosh imom-xatibi lavozimida 1 yilu 2 oy faoliyat yuritdi. Biroq, u lavozimidan ayrilishidan avval ijtimoiy tarmoqlarda kunning asosiy qahramoniga aylandi. Bunga uning “Sevimli” telekanalida namoyish etilgan “Zirapcha” loyihasidagi ishtiroki sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqning ko‘plab foydalanuvchilari Sayfuddinovning “Zirapcha”dagi ishtiroki, ayollar davrasiga kirib borganini qoraladi.
Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yana bir video katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Bu Sayfuddinovning qo‘lini shogirdlaridan biri o‘payotgani aks etgan lavhaning tarqalishi bilan bog‘liq. Rahmatulloh domla Sayfuddinovning QALAMPIR.UZ bilan suhbatda aytishicha, bu video bundan bir yil avval tasvirga olingan va ayni kunlarda adovat bilan tarqatilgan.
Xo‘sh, Rahmatulloh domla Sayfuddinov nega lavozimdan ketdi? Uning salomatligida qanday muammo bor? QALAMPIR.UZ Germaniyaga yo‘lga chiqqan va Dubayda to‘xtagan Rahmatulloh domla Sayfuddinovga aloqaga chiqib, masofadan bo‘lsa ham yuqoridagi savollarga javob oldi. Intervyuni Youtube kanalimizda tomosha qilishingiz mumkin.
"Dok-1 Maks" mashmashasi tugamaydiganga o‘xshaydi
2022 yilni shifo istab “Dok-1 Maks” dorisini ichgan 19 norasidaning jonsiz tanasini qaro yerga berib yakunlagandik. Bugun bu dori haqida tasdiqlangan va tasdiqlanmagan axborotlar shu qadar ko‘pki, aslida mamlakatda necha bola shu dorinidan vafot etganiyu necha kishi zaharlanganini bilolmayapmiz. Tugayotgan haftada tarqalgan ma’lumotlardan ko‘rinyaptiki, doridan zararlanganlar faqat Samarqand yo Qashqadaryoda emas, balki Toshkent, Sirdaryo va Farg‘onada ham bor.
Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abduqayum To‘xtaqulovga ko‘ra, Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanmoqda. Shifokorlar tomonidan uning ahvoli og‘ir, deb baholangan.
Sirdaryo viloyatida esa “Dok-1 Maks” siropidan 7 bemor zaharlandi. Ularning 4 nafari sog‘aygan, 3 nafari ayni vaqtda jonlantirish bo‘limida qolayotgani aytildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida 2 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilib, vafot etgani haqida xabar tarqaldi. QALAMPIR.UZ’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyatida istiqomat qiladigan 2 yashar bola “Dok-1 Maks” dorisini iste’mol qilgach, ahvoli og‘irlashib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan va muolajalarga qaramay, 23 dekabr kuni vafot etgan.
Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqaramasi boshlig‘ining Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari Feruza Rahmatullayeva QALAMPIR.UZ bilan suhbatda avvaliga holat haqiqatdan ham sodir bo‘lgani, bola 23 dekabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida vafot etgani va rasmiy axborot tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Oradan biroz vaqt o‘tib, Rahmatullayeva o‘lim Toshkent shahrida qayd etilgani uchun ushbu ma’lumot vazirlik tomonidan berilishi kerakligini aytdi va “Dok-1 Maks” siropidan vafot etgan 18 go‘dak ro‘yxatida Toshkent viloyatidan bo‘lgan 2 yashar bola ham borligini urg‘uladi. Biroq, Rahmatullayeva bergan ushbu ma’lumot vazirlik tarqatgan dastlabki xabarlarga zid. Birlamchi ma’lumotlarda vazirlik "Dok-1 Maks" siropini ichgan 18 bola Samarqandda vafot etganini ma’lum qilgan.
To o‘lim xabari chiqquncha miq etmay o‘tirgan Toshkent viloyati hokimligi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent viloyati filialiga “Dok-1 Maks” siropi iste’moli oqibatida zaharlanish belgilari bilan 9 nafar bola olib kelinganini ortiq yashirolmay, rasmiy xabar berdi. Bemorlarning 5 nafari uyiga qaytarilgan, 4 nafari davolanayotgani aytildi.
Hokimlik Toshkent viloyatidagi sog‘liqni saqlash muassasalarida shu paytgacha “Dok-1 Maks” preparatidan zaharlanish tufayli o‘lim holati kuzatilmaganini bildirdi. Xo‘sh, kimga ishonish kerak, viloyat hokimligigami yo Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga?
"Dok-1 Maks"ga mas’ullar DXX hibsxonasiga tashlandi
Davlat xavfsizlik xizmati esa “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmaganini aniqladi.
Dastlabki tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ul xodimlari tomonidan me’yoriy-huquqiy hujjat talablari qo‘pol ravishda buzilgan. Ushbu dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmagani oqibatida sifatsiz preparatlarning sotuvga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Jinoyat ishi doirasida “Quramax medical” MCHJning 2 nafar rahbar xodimi hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJning 2 nafar mas’ul xodimi gumonlanuvchi shaxslar sifatida DXX Tergov hibsxonasiga tegishli tartibda joylashtirilgan.
Davlat bojxona qo‘mitasidan QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilinishicha, dekabr oyida O‘zbekistonga keltirilgan “Dok-1 Maks” dorisining 3 ta partiyasi, ya’ni salkam 60 ming qutisi qat’iy nazorat ostida saqlanmoqda. Shuningdek, ushbu dorining ilgari keltirilgan 2 ta partiyasi ham Davlat bojxona qo‘mitasi omborida ushlab turilibdi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 19 bola o‘lib, ortidan onalar zor yig‘lab qolganidan keyin aniqlashicha, “Dok-1 Maks” dori vositasi tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda bo‘lgan.
Shuncha payt ko‘zingiz qayoqda edi? Uyalmadingizmi endi shu hisobotni bergani. Yo‘q, uyalishgan. Uyalishgani uchun ham bu ma’lumotni OAVda va o‘z saytlarida e’lon qilmay, Hindiston elchixonasiga bildirishgan. Elchixona ham boplab ommaga e’lon qilib yubordi.
Elchixona xodimlariga agentlik tomonidan dori partiyasida etilen glikol borligi, bu tibbiy qoidalarda ko‘rsatilgan me’yordan 300 baravar yuqori ekanligi haqida ma’lum qilingan.
Hindiston farmatsevtika eksportini qo‘llab-quvvatlash kengashi (“Pharmexcil”) “Marion Biotech” kompaniyasining marketing ruxsatini to‘xtatgan.
Sulh niqobi ostidagi urush
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Mudofaa vaziri Sergey Shoyguga 6 yanvar kuni Moskva vaqti bilan soat 12:00 dan 7 yanvar kuni soat 24:00 ga qadar Ukrainadagi barcha o‘zaro to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etishni buyurdi.
“Jang hududlarida pravoslavlikni tan olgan ko‘plab fuqarolar istiqomat qilayotganiga asoslanib, biz Ukraina tomonini o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilishga va ularga Rojdestvo arafasida, shuningdek, Masihning tug‘ilgan kunida qatnashish imkoniyatini berishga chaqiramiz”, deyiladi Putin imzolagan hujjatda
Biroq, Ukraina Rossiyaning sulh taklifini rad etdi va rus qo‘shinlari Ukraina hududini tark etishi kerakligi, shundan keyingina "vaqtinchalik sulh" boshlanishini ma’lum qildi. Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Rossiya tomonidan e’lon qilingan sulhni “ikkiyuzlamachilik” deb atadi.
Prezident Vladimir Zelenskiyga ko‘ra, urush zonasida sukut saqlash bahonasida Rossiya yangi “tajovuz” qadamlarini yashirishga uringan.
Yevropa Ittifoqi ham Putinning sulh taklifiga ishonmadi va uni ikkiyuzlamachilik deb atadi.
“Bir tomonlama o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi e’lon noqonuniy va xunuk anneksiyalar va ular bilan birga o‘tkazilgan referendumlar kabi yolg‘on va ikkiyuzlamachilikdir”, deydi Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel.
AQSH Prezident Jo Bayden ham ko‘pchilik nima desa, shu fikrdaman degandek, Putinning qaroriga biroz nafas rostlash deb izoh berdi.
Glh uni, glh buni qo‘llab-quvvatlash va yarim-yorti bayonotlar bilan allaqachon ta’sirsiz tuzilmaga aylanib qolgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa Rossiyaning pravoslav Rojdestvo bayramlarida Ukrainadagi barcha harbiy aloqa chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy qilganini olqishladi.
Biroq, Putin bergan va’dasiga sodiq qolmadi. 6 yanvar kuni Ukraina bo‘ylab havo ogohlantirishlari yangradi. Xersonda o‘t o‘chirish bo‘limiga hujum qilindi. Mixail Podolyak esa rus tomoni taklif qilgan sulh mohiyati ana shundan iboratligini aytib, dunyoni ko‘zni ochishga, Putinga aldanmaslikka undadi. Rossiya Mudofaa vazirligi esa Kiyevni birinchi bo‘lib o‘t ochishda aybladi.
Putin O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan ittifoq havasidan qaytgani yo‘q
Yangi yilning birinchi haftasida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin uch Prezident – Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev, O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev va turkiyalik mavqedoshi Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan muloqot qildi.
Putin va To‘qayev ikki davlatning energetika sohasidagi hamkorligi, jumladan, yoqilg‘i-energetika kompleksi bo‘yicha amaliy hamkorlik masalalarini ham muhokama qilgan.
Shu munosabat bilan yetakchilar ikki davlat hukumatlari va tegishli tuzilmalari o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni davom ettirishga kelishib olgan. Bundan ko‘rinadiki, Putin Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan gaz ittifoqini yaratish orzu-havosidan voz kechmagan.
Putin va Mirziyoyev suhbatida esa ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni, jumladan, energetika sohasida ham kuchaytirish niyati bildirilgan.
Rossiya-O‘zbekiston ittifoqchilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, turli sohalarda, jumladan, energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga ikki tomonning intilishi tasdiqlangan.
Putin va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi suhbatda berilgan mesejlar juda ko‘p. Davlat rahbarlari dunyoning bir burchagidan kirib, ikkinchi burchagidan chiqqandek go‘yo. Turkiyada gaz xabini yaratish deysizmi yoki Aqqayu Atom elektr stansiyasi qurilishini yakunlash, qo‘yingki, Ukrainadagi urush, g‘allani olib chiqish, Rossiya o‘g‘initini dunyoga yetkazishdan tortib, Suriya mojarosi bo‘yicha ham fikr almashilgan.
Putin Erdo‘g‘an bilan telefon orqali suhbatda G‘arbning Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlash orqali Rossiyani nishonga olayotganini aytgan.
Kreml Erdo‘g‘anning mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal qilishda Turkiya vositachiligiga tayyorligi nuqtai nazaridan, Putin Rossiyaning jiddiy muloqotga ochiqligini tasdiqladi – agar Kiyev rasmiylari taniqli va qayta-qayta bildirilgan talablarni bajarsa va yangi hududiy voqeliklarni hisobga olsa.
Putin va Erdo‘g‘an, jumladan, Suriya bo‘yicha uch tomonlama formatda aloqalarni davom ettirish bu mamlakatdagi vaziyatni hal qilishga yordam berishiga umid bildirgan. Erdo‘g‘an Suriya Anqara va Damashq o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish uchun siyosiy qadamlar qo‘yish zarurligiga e’tibor qaratgan.
Sukut alomati rizomi?
Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokurori Berik Asilov o‘tgan yilning shu davrida mamlakatda sodir bo‘lgan “qonli yanvar” fojialariga bir yil to‘lishi munosabati bilan parlamentda hisobot berdi va tartibsizliklarda O‘zbekiston, Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari qatnashganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilar orasida odamlarni o‘z safiga jalb qilgan, qurollangan, ratsiya va transport vositalari sotib olgan uyushgan jinoiy guruhlar ham bor.
Asilovning qo‘shimcha qilishicha, bu qo‘poruvchilik harakatini alohida xavfsizlik kuchlari nazorat qilgan.
Uning bu gaplarini Bishkek va Dushanbe javobsiz qoldirmadi. Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, mamlakat o‘z fuqarolarining Qozog‘istonda o‘tgan yili sodir bo‘lgan fojiali voqealarga aloqadorligini qat’iyan rad etadi.
“Ommaviy tartibsizliklar fakti bo‘yicha jinoyat ishlarini tergov qilish doirasida Qirg‘izistonning ikki fuqarosi shartli hukm bilan sudga tortildi. Ushbu fuqarolar o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli tasodifan alohida epizodga jalb qilingan”, deyiladi xabarda.
Vazirlik Qirg‘iziston Respublikasining boshqa fuqarolarining javobgarligi va aybi isbotlanmaganini ochiqladi. Urg‘ulanishicha, Qozog‘istonda birorta ham Qirg‘iziston fuqarosi mitinglar, ommaviy qirg‘in va talon-toroj qilishda qatnashmagan.
Tojikiston ham Ostonaning ayblovlarini shunchaki hazm qilib ketgani yo‘q. Dushanbe ayblovlarni butkul rad etdi. Qayd etilishicha, bu faktlar tasdiqlanmagan.
Ammo rasmiy Toshkent fuqarolariga qo‘yilgan bu ayblovlarga javob qilgani yo‘q. Balki buni sukut alomati rizo, desak bo‘lar. Har holda “qonli yanvar” tartibsizliklarida o‘zbekistonliklar ishtirok etgani haqidagi fakt inkor etilmadi.
Norov qilmagan ishni, Saidov bajardi
O‘tgan yilning 21 dekabr kuni Afg‘onistonda o‘z muvaqqat hukumatini o‘rnatgan “Tolibon” harakati mamlakat universitetlaridan talaba qizlar uchun darslarni keyingi ogohlantirishgacha to‘xtatdi. Bunga nisbatan dunyoning ko‘plab mamlakatlari munosabat bildirdi. “Tolibon”ning xalqaro hamjamiyatga bergan va’dalarini bajarmasligi badali og‘ir bo‘lishi aytildi. Ammo mamlakat qo‘shnisi O‘zbekiston jim qoldi. Biroq, sukut uzoqqa cho‘zilmadi. “Tolibon”ning qaroridan 16 kun o‘tib, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tilga kirdi va Afg‘onistonda xotin-qizlarning oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishiga qo‘yilgan taqiqlardan chuqur tashvishdaligini bildirdi.
“Afg‘onistonda xotin-qizlarning davlat va xususiy oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishiga taqiq qo‘yilgani to‘g‘risidagi xabarni chuqur tashvish bilan qabul qildik.
Afg‘on xalqining tinch va farovon kelajakni barpo etish yo‘lidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qat’iyat belgisi sifatida ushbu qaror qayta ko‘rib chiqilishiga umid qilamiz”, deyiladi rasmiy Toshkent mulohazalarida.
Darvoqe, bu bayonot berilgunga qadar Tashqi ishlar vazirligining avvalgi rahbari Vladimir Norov ketib, o‘rniga Baxtiyor Saidov keldi. Balki bu bayonot Saidovning siyosiy irodasidan darakdir.
Abdulla Oripovning singlisi portlash oqibatida vafot etdi
O‘tgan yilning 24 dekabr kuni Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qarashli shifoxonada portlash sodir bo‘lib, uning oqibatida ikki nafar fuqaro tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgandi.
Jabrlanganlardan biri marhum O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning singlisi, 74 yoshli Oysara Ubaydullayeva bo‘lib, u tananing 80 foiz kuyishi tan jarohati bilan 2022 yilning 30 dekabr kuni shifoxonada vafot etdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bu borada rasmiy axborot bergani yo‘q.
Erkak avval xotini va 5 oylik bolasini, so‘ng o‘zini o‘ldirdi
Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida erkak xotini va 5 oylik bolasini o‘ldirib, o‘zini osib qo‘ydi. Holat 2022 yil 24 dekabr kuni sodir bo‘lganiga qaramay, 6 yanvarga kelib isi chiqdi.
Tergov-tezkor guruhi a’zolari tomonidan hodisa joyi ko‘zdan kechirilganda ayol bo‘yin sohasi chap yon tomonida 2 dona sanchib-kesilgan jarohati, chaqaloq esa tan jarohatsiz, shuningdek, xonadon egasi ushbu hovlining og‘ilxonasini cherdak qismiga arqon bilan bo‘ynidan osilgan holda topilgan.
Dastlabki tezkor ma’lumotlar hamda guvohlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, erkak turmush o‘rtog‘i bilan oilaviy kelishmovchilik oqibatida janjallashib, uni qaychi bilan bo‘yin sohasiga 2 marta urib o‘ldirgan. So‘ngra beshikda yotgan 5 oylik farzandini qo‘llari bilan bo‘g‘ib o‘ldirib, keyin o‘zini-o‘zi osib qo‘ygan.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
6 yashar qizga tegajog‘lik qilgan 47 yoshli erkak 10 yilga kesildi
Toshkentda 47 yoshli erkak 6 yoshli qizchaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etmoqchi bo‘lgani uchun 10 yil qamoq jazosini oldi.
Ko‘pchiligingizning xabaringiz bor, 2022 yilning yoz oylarida 47 yoshli erkak yosh qizchani aldov yo‘li bilan pod’ezdga chaqirib, uni yechintirib, tegajog‘lik qilgan.
Qizcha bo‘lgan voqea haqida onasiga aytib bergan. Ona esa huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan. Tergov payti erkak bir necha bor ko‘rsatmalarini o‘zgartirgan. Psixologik ekspertiza qizcha rost gapirayotganini tasdiqlagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tuman sudi R.Sh.ni Jinoyat kodeksining 25, 119-moddalari (Jinsiy ehtiyojlarni g‘ayritabiiy shaklda majburan qondirish) bilan jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topgan. Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 25-moddasi 4-qismi, 119-qismi asosida ushbu kodeksning 57-moddasini qo‘llagan holda 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi. Jazoni umumiy rejimdagi koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Andijonda hayvonot boxi ishchisini ayiq qopti
Andijon hayvonot bog‘i ishchisi ayiqqa ovqat berish maqsadida uning qafasiga kirgan vaqtda yirtqich unga tashlandi va bo‘yin qismidan tishlab oldi. Oqibatda ishchi erkak og‘ir tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etdi.
Mazkur holat Xo‘jaobod tumani IIB tomonidan tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, hodisa joyi tuman IIB tezkor-tergov guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan.
Fuqaroning olgan tan jarohatlarini og‘irlik darajasini va uning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Xo‘jaobod tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonga anomal sovuq kelyapti
Kelasi hafta ko‘p bolali oilalarning kattalariga sabr va asablari mustahkam bo‘lishini tilaymiz. Chunki bolalar 18 yanvargacha uyda. Maktablarda qishki ta’til uzaytirildi, bog‘chalar 9 yanvardan e’tiboran yopiladi. Universitet va litseylar ham ta’tilni uzaytirdi va viloyatlardagi talabalardan Toshkent tomon yo‘lga chiqmaslikni so‘radi. Xo‘sh, nega?
Gidmeteorologiya xizmati markazining ma’lum qilishicha, joriy yilning 9 yanvar kuni O‘zbekiston hududiga Volgabo‘yi hududlaridan Rossiya Yevropa qismining shimoliy hududlarida shakllangan sovuq havo massasi kirib kelishi boshlanadi.
9-11 yanvarda respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi.
Xo‘sh, O‘zbekiston energetika tizimi kutilayotgan sovuq kunlarga, bir haftalik imtihondan o‘tishga tayyormi?
Energetika vazirligi birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir mahsulotini barqaror yetkazib berish choralari ko‘rilishini va’da qilyapti. Ushbu kunlarda
Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga kiritilayotgan cheklovlar davom ettiriladi, yirik ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytiriladi, energotizimdagi yirik iste’molchilarning kunlik elektr energiyasi iste’moli kamaytiriladi va tejalgan 11-12 mln kVt-soat elektr energiyasi aholi iste’moliga yo‘naltiriladi, barcha iste’molchilarni bir maromda elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tasdiqlangan grafiklarga asosan qisqa muddatli cheklovlar kiritiladi.
Ikki soatdan oshmagan vaqt oralig‘ida hududlar kesimida joriy etilayotgan cheklov grafiklari e’lon qilib boriladi.
LiveBarchasi