Sudi boshlangan bloger, “jinoyat ini”ga aylangan Qo‘qon, “uchirilgan” 31 amaldor, qamoqqa tashlangan hokim – Hafta tahlili
Tahlil
−
29 iyul 2023
11723Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi vaqtlarda bog‘cha bolalari orasida jinoyatchilik keskin ortgan. Asosiy jinoyatlar turkumi quyidagicha: guruh uxlayotganda uxlamay yotish – jamoat xavfsizligini buzish, o‘yinchoqlarni olib qo‘yish – mayda bezorilik, cho‘ntagimda shokolad bor deb aldab, o‘zganing moliga ega chiqish – firibgarlik, ovqatdan bosh tortib, “bor”ni yemaslik – bog‘cha tuzumini kuch bilan ag‘darishga urinish, surunkali guruh bo‘lib bog‘chaga kelmaslik – uyushgan jinoyatchilik, pora berish va vositachilik qilish. Bu statistika STATQO‘Mga emas, menga oid. O‘tgan hafta ichki ishlar xodimlarining qilar ishi qurigandek, mamlakatda jinoyatga moyilligi bor shaxslarning hammasi bilan muloqot qilib bo‘lingani, go‘yo boshqa odam qolmaganidan bolalar bog‘chasida 3-4 yashar bolalarga va’z o‘qiyotgani, oq va qorani tanish haqida ma’ruza qilayotganini ko‘rib, yuqoridagi aytganlarimni qog‘ozga tushirgandim. Assalomu alaykum! Ichki ishlar xodimlarining ma’ruzalaridan farqli o‘laroq QALAMPIR.UZ'ning kattalar uchun tayyorlangan hafta voqealari tahlili bilan kameralar qarshisida Qamariddin Shayxov. Biz boshladik.
Abduqodir Mo‘minovning sudiga jurnalistlar kiritilmadi
Tugayotgan haftani so‘zsiz eng shov-shuvli sudlar haftasi, desak xato qilmaymiz. Ulardan biri o‘tgan yilning fevral oyida qator jinoyatlarda ayblanib, hibsga olingan jurnalist va bloger Abduqodir Mo‘minov bilan bog‘liq. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida ko‘rilishi boshlangan ishda Mo‘minov Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “b”, “v” bandlari, 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28,211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Sud majlisi jamoatchilik orasida qator savol va e’tirozlarni keltirib chiqarib, ijtimoiy tarmoqda muhokama markazida bo‘ldi. Sud ochiq o‘tkazilishi belgilanganiga qaramay, uni yoritish uchun kelgan ko‘plab jurnalistlar mahkamaga kiritilmadi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov esa buni sud zali kichikligi, bino eskiligi, jabrlanuvchilarning o‘zi 10 dan oshiqligi bilan izohladi.
Sudni yoritishga hozir bo‘lgan jurnalistlar orasida QALAMPIR.UZ, BBC va “Amerika ovozi” jurnalistlari ham bor edi. Biroq ular joy yetishmasligi sabab sud zaliga kira olmadi.
Tasdiqlangan ayblov xulosasiga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchi mavjud bo‘lib, jinoyat oqibatida ularga jami 903 mln 421 ming 567,5 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan gaplarga qaraganda, 27 iyul kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi sud majlisida bir necha jabrlanuvchilar Mo‘minovga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirib, shikoyatini qaytarib olgan.
Ayni vaqtda sud davom etmoqda. Yakuniy xulosaga kelinishiga hali erta. Birinchi sud majlisida esa jurnalist va bloger Abduqodir Mo‘minov jurnalistik surishtiruvlar o‘tkazib berish uchun bir necha murojaatchidan shartnoma asosida pul olganini tasdiqlagan. Shuni alohida urg‘ulash o‘rinliki, O‘zbekistonda jurnalistik surishtiruv o‘tkazish uchun pullik shartnoma tuzish bo‘yicha hech qanday cheklovlar mavjud emas. Faqat jurnalistning biror arizani pullik shartnoma asosida o‘rganishi uning xolis bo‘lolmasligi, to‘lovni amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxsning manfaatlarini ko‘zlab ish tutishi, bu esa jurnalistik etikaga zid ekani bilan baholanadi.
Telegram'dagi guruhga nashid yuborgani uchun 3 yilga qamalgan Jahongir Ulug‘murodov ozodlikka chiqarildi
Bu Telegram'dagi 10 kishilik guruhga taqiqlangan nashid yuborgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Jahongir Ulug‘murodov onasi. Bu video o‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarni portlatgan edi. Bu hafta esa uning ohu nolalari o‘z manziliga yetib borib, o‘g‘liga tayinlangan uch yillik qamoq jazosi yengil jazoga almashtirilib, Ulug‘murodov ozodlikka chiqarildi.
28 iyul kuni Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasida Jahongir Ulug‘murodov (2002 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan)ga nisbatan chiqarilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining 2023 yil 8 maydagi hukmi va Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 17 iyuldagi ajrimi ustidan advokat Abdumalik Abdullayev tomonidan berilgan kassatsiya shikoyati ko‘rib chiqildi.
Sud majlisida qayd etilishicha, quyi sudlar Jahongir Ulug‘murodovga oid jinoyat ishi tafsilotlarini to‘g‘ri aniqlab, uning aybliligi haqida asosli xulosaga kelgan.
Ulug‘murodovning sud hukmida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikdagi aybi dastlabki tergov va birinchi instansiya sudida guvohlarning birinchi instansiya sudi majlisida, mutaxassislarning apellyatsiya instansiyasida bergan ko‘rsatmalari, bildirgi, bayonnomalar, fotojadvallar, tushuntirish xatlari, sudga oid dinshunoslik va adabiyotshunoslik ekspertizalarining xulosalari hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa ishonchli va maqbul dalillar yig‘indisi bilan o‘z isbotini topgan.
Kassatsiya sudlov hay’ati, ish bo‘yicha Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlarini o‘zgartirib, uning yoshligi, talaba ekanligi, muqaddam sudlanmagani, o‘qish joyidan ijobiy tavsiflangani, oilaviy sharoiti, qilmishidan pushaymonligi, shuningdek jinoyat sodir etgandan keyingi xulq-atvori kabi holatlarni e’tiborga oldi.
Shu tariqa Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2023 yil 28 iyuldagi ajrimiga muvofiq Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilib, unga Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan ushbu Kodeksning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llagan holda 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Ulug‘murodovning 2023 yil 24 fevraldan 2023 yil 28 iyulga qadar qamoqda saqlangan 5 oy 4 kun Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari)ga asosan chegirilib, o‘tash uchun 2 yil 6 oy 26 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilishi belgilandi.
Jahongir Ulug‘murodovga ozodlikni cheklash jazosini yashash joyi bo‘yicha o‘tash belgilanib, soat 22:00 dan soat 06:00 ga qadar yashash joyidan chiqish taqiqlandi.
Ulug‘murodovga Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi (ozodlikni cheklash) 5,6-qismlari talablari tushuntirilib, darhol jazoni ijro etish joylarida qamoqdan ozod qilinishi belgilandi.
Advokat Abdumalik Abdullayevning himoyasi ostidagi Ulug‘murodovni oqlash haqidagi shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.
Ushbu lavha avvalida Ulug‘murodovning onasining nolalariga quloq tutgandik. Bugun esa o‘g‘li ozodlikka chiqqan bu onadan baxtli inson yo‘q.
Termiz shahri hokimi Isroil Xudoyberdiyev 11 yilga qamaldi
O‘tgan yilning oktyabr oyida qamoqqa olingan Termiz shahri hokimi Isroil Xudoyberdiyev va unga sherik sifatida ko‘rilgan 17 kishi ustidan joriy hafta mahkama bo‘lib o‘tdi va sobiq hokim 11 yilga qamaldi.
Ular “Yashil dunyo” savdo majmuasi qurilishi davomida 14,8 milliard so‘mni o‘zlashtirganlikda gumonlangan edi. Bosh prokuratura Termiz shahar hokimiyati sobiq mansabdor shaxslari tomonidan davlat va jamiyat hamda tadbirkorlarning manfaatlariga 35,6 milliard so‘m zarar yetkazilganini ma’lum qilgan edi.
Ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudida ochiq tarzda ko‘rib chiqilgan.
Hukmga ko‘ra, 2017-yilning fevralidan 2022-yilning sentyabrigacha Termizni boshqargan hokim Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 1-qismi, 2-qismi “a” bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi, 2-qismi “a” bandi, 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandi, 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil 6 oy muddatga davlat tashkilotlarida mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘talishi belgilangan.
Qolgan 17 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 25,167, 167, 168, 184, 28,205, 205, 206, 28,209, 209 va 229-4-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga tegishliligi bo‘yicha jarima, 1 yil 9 oy 15 kundan 2 yil 3 oygacha axloq tuzatish ishlari va 3 yil 6 oydan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.
Bu hokimlarning qamalishi bilan bog‘liq yagona holat emas. 2022-yilning dekabrida Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarov 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. Joriy yilning mart oyida Asaka tumani sobiq hokimi Mansur Alixonovga nisbatan esa Jinoyat kodeksining bir nechta moddasi bilan 3 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Qarshi shahri sobiq hokimi Jamshid Fozilov ham joriy yilning mart oyida 4 yilga qamalgan bo‘lsa, iyul oyining boshida Urganch shahri sobiq hokimi Shuhrat Abdullayev 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona va Qo‘qon shaharlariga tashrifi
Aslida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 27-28 iyul kunlari Farg‘ona va Qo‘qon shaharlariga amalga oshirgan tashrifi haftaning asosiy voqeasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Balki oy voqeasi, deyilsa ham yarashar. Har holda bu tashrifni hali nafaqat Qo‘qon va farg‘onaliklar, balki butun respublika, ayniqsa, shu kunlarda ishdan quvilgan o‘nlab rahbarlar ko‘p va xo‘p eslab yuradi, menimcha.
Esingizdami, Prezident navbatdagi yetti yillik uchun qasamyod qabul qilayotib, “kim saylov o‘tdi, safarbarlik tugadi, deb o‘ylasa xato qiladi”, degan edi. Mirziyoyev rost aytgan ekan. Oxirgi vaqtlarda Prezidentdan Farg‘onada bo‘lgani kabi tanqidlar, o‘z ishiga layoqatsiz kadrlarni lavozimdan olishlarni ko‘pam uchratmayotgan edik. Qo‘qon va Farg‘onada bo‘lgan yig‘ilishlar menga 2017 yilda, Mirziyoyev endigina Prezident sifatida ish boshlagan davrlarni, o‘sha shijoat va g‘ayrat, o‘zgarishlar, o‘zgartirishlarga nisbatan alangani eslatdi.
Prezident Farg‘onada o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatdagi investitsion muhitni qattiq tanqid ostiga oldi. Sanoatdagi o‘sish ham juda past, ishlab chiqarish ham maqtangulik emas. Viloyatda muammolar qalashib ketgan. Buncha tanqiddan keyin viloyat hokimi Bozorov “uchib ketsa” kerak deb o‘ylagandik. Yo‘q, unday bo‘lmadi. O‘rniga viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Avaz O‘rinboyev, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i Adhamjon Tillavoldiyev, Rishton tumani hokimi Sufxonjon Soliyev, Marg‘ilon shahar hokimi Adham Ziyavitdinov va tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i T.Xusanov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
Shuningdek, viloyat hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Xojiqo‘zijon Isaqov hamda investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari Iqboljon Ergashev, Bag‘dod tumani hokimi Yusufjon Xusainov, Quva tumani hokimi Halimjon Umarov va Buvayda tumani hokimi Behzod Ibragimovga “hayfsan” e’lon qilindi.
Farg‘ona shahri hokimi Vosiljon Nazarov va sektor rahbarlarining lavozimi 3 oy sinov muddati bilan o‘z vazifasini bajaruvchi darajasiga tushirildi.
Shuningdek, davlat rahbari viloyatda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish masalasiga alohida to‘xtalib, bu boradagi ishlar ahvoli qoniqarsizligini tanqid qildi. Faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklar uchun Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Muhiddin Jo‘rayev lavozimidan ozod etildi. Prezidentning aytishicha, Jo‘rayev jinoyatchilikka qarshi kurashish o‘rniga statistikani sun’iy kamaytirish bilan shug‘ullanib kelgan. Viloyatda jinoyatlarni ro‘yxatga olmaslik orqali ularni yashirish oddiy holga aylanib qolgan.
Shu kunning o‘zida ushbu lavozimga 2019 yildan buyon Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan general-mayor Azizbek Ikromov tayinlandi.
Shuni alohida aytib o‘tish o‘rinliki, Farg‘onada Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod etilib, o‘rniga vazir o‘rinbosari tayinlanishi bilan bog‘liq voqea birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q. 2020 yilda ham viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Rahmat Mamatov lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga vazirning o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev tayinlangan edi.
Ha darvoqe, Prezident Qo‘qonda faqat majlis bilan band bo‘lmadi. U oddiy qo‘qonliklar xonadonida mehmon bo‘lib, yoshi ulug‘ onaxonni o‘z hisobidan Hajga yuborishga va’da berdi. Bog‘chada ishlayotgan tarbiyachini esa o‘qishga olib kirib qo‘ydi.
Prezidentning Qo‘qonga borganini eshitgan jurnalist Sharifa Madrahimova Facebook'da Mirziyoyev bilan uchrashgan qo‘qonliklarga havasi kelganini aytarkan, davlat rahbari Buvayda tumaniga kelgudek bo‘lsa, undan uch yildan buyon hal bo‘lmayotgan muammosi – suvsizlikka yordam so‘rashini yozdi.
“Kecha bag‘dodliklarga rosa havasim keldi. Prezident ular bilan uchrashdi, muammolarini so‘radi. Bir onaxonga tekin Hajga borib kelasiz deyishdi. Bir tarbiyachining “staj”i yetmas ekan, “o‘zimizning Qo‘qongami”, deb ajoyib lutf bilan “pedinstitut”da o‘sha qizning o‘qishini hal qilib qo‘yishdi. Qaniydi, biznikiga ham kelishsa. Uch yildan buyon hal bo‘lmayotgan muammoim – suvsizlik barham toparmidi?! Men ham faqat bitta narsani – uyimizga suv tushirib berishlarini so‘rardim. Ortiqcha narsa so‘rab, u kishining vaqtini olmasdim”.
28 iyul kuni Farg‘ona shahrida Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishmisan yig‘ilish, syurprizmisan syurpriz. Naq 31 kishi “uchdi” deng shu yig‘ilishda. Prezidentning gaplaridan ko‘rinib turibdiki, u huquq-tartibot organlarining faoliyati, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan ishlardan umuman qoniqmayapti. Uning aytishicha, o‘tgan olti oyda mahallalarda barvaqt oldini olish mumkin bo‘lgan 12 mingga yaqin jinoyat sodir etilgan.
Yig‘ilishda Prezident mamlakat bo‘yicha kriminogen vaziyat murakkab bo‘lgan, “qizil” toifaga kiritilgan mahallalar eng ko‘p Toshkent shahri, Farg‘ona, Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyatlariga to‘g‘ri kelganini aytdi. Mahalladagi o‘ta og‘ir va og‘ir jinoyatlar Farg‘ona, Toshkent viloyati, Toshkent shahri, Buxoro, Andijon, Qashqadaryo viloyatlarida eng ko‘p sodir etilgan.
Farg‘ona shahrida o‘g‘rilik, Namangan shahrida bezorilik, Qo‘qon shahrida tan jarohati, Samarqand shahrida nomusga tegish va tovlamachilik, Mirobod tumanida qotillik ko‘p yuz bergan.
Yuqorida fantastikaga berilib, bog‘cha bolalari orasida jinoyatchilik keskin ortgani haqida hazil qilgandim. Prezident esa bu masalaga to‘xtaldi-yu, hazil qilib o‘tirmadi. Mas’ullarga yaxshigina tanbeh berdi.
“Nima ish qilish kerakligini bilmagan ayrim profilaktika inspektorlari bog‘chalarga borib, 3-4 yoshli bolakaylarga “oq-qorani farqlash” bo‘yicha ma’ruza o‘qish bilan band. Tizimda staji 3 yilgacha bo‘lgan, endi tajriba to‘playotgan profilaktika inspektorlarini kriminogen og‘ir mahallaga qo‘yish amaliyoti haligacha davom etmoqda. Aksincha, “yaxshi” mahallalarda esa ko‘p yillik tajribasi bor xodimlar xizmat qilmoqda”.
Tanqidlardan Ichki ishlar vaziri Bobojonov ham bebahra qolmadi. Unga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish ishlari qoniqarsiz yo‘lga qo‘yilgani ko‘rsatildi.
Jinoyatchilikni jilovlash va aholi bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev, Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Shavkat Rahmonovga, mahallada profilaktika inspektorlari ishini lozim darajada tashkil qilmagani uchun, ichki ishlar vazirining ushbu sohaga mas’ul o‘rinbosari Bekmurod Abdullayevga “hayfsan” e’lon qilindi va uch oy sinov muddati tayinlandi.
Barcha viloyat prokurorlari va IIB boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari o‘ziga tegishli xulosa qilmasa, yil yakuni bilan barchasi lavozimidan ozod etilishi aytildi.
Shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurashishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan Toshkentning Sergeli, Yangihayot, Shayxontohur, Buxoroning G‘ijduvon, Kogon, Xorazmning Tuproqqal’a, Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir, Navoiyning Tomdi, Qashqadaryoning Yakkabog‘, Surxondaryoning Oltinsoy, Jizzaxning Zafarobod, Sirdaryoning Boyovut, Guliston, Namanganning Mingbuloq, Andijonning Oltinko‘l tumanlari ichki ishlar bo‘limi boshliqlari, Andijonning Andijon, Surxondaryoning Bandixon, Farg‘onaning Buvayda, Samarqandning Narpay, Toshkentning Yunusobod tumanlari prokurorlari egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda Ichki ishlar vazirligi tizimida raqamlashtirish ahvoli qoniqarsizligi tanqid qilindi. Vazirning bu masalalar uchun mas’ul o‘rinbosari zimmasiga yuklatilgan birorta vazifa oxirigacha yetkazilmagani ko‘rsatib o‘tildi va shu munosabat bilan vazir o‘rinbosari – polkovnik Najmiddin To‘raxo‘jayev egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
Prezidentning aytishicha, jinoyat qilgan shaxslarning har uchinchisi yoshlar. Ular tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 32 foizi o‘g‘rilik va firibgarlik. Ularning eng ko‘pi Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida qayd qilingan. Yoshlar jinoyatining har yettinchisi guruh tarkibida sodir qilingan, 1 ming 100 nafar yoshlar takroran jinoyatga qo‘l urgan.
Mirziyoyevga ko‘ra, voyaga yetmaganlar ichida o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlari ham bor va bu borada viloyatda ham, respublikada ham eng yomon ahvol Qo‘qon shahrida.
Viloyatda voyaga yetmaganlar sodir etgan og‘ir jinoyatlarning 20 foizi va o‘ta og‘ir jinoyatlarning 43 foizi aynan Qo‘qon shahriga to‘g‘ri kelgan. Achinarlisi, 47 nafar maktab va 18 nafar kollej o‘quvchilari jinoyatga qo‘l urgan. Bu butun respublika bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkich hisoblanadi.
Garchi Qo‘qondagi vaziyat tanqid qilingan bo‘lsa-da, qo‘qonlik rahbarlar qolib, negadir Sirdaryo va Navoiy viloyatlari hokimlarining yoshlar siyosati bo‘yicha o‘rinbosarlari Shavkat Zayniddinov va Yashin Dushanov, Sirdaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, Prezident yaqinda Farg‘onada 11 yoshli qizchaning murdasi zo‘rlash va qotillik alomatlari bilan topilganini tilga olib, bu holat vaziyat qanchalik og‘irligini ko‘rsatib turganini aytdi.
Prezident jamoat joylarida tinchlikni ta’minlash masalalariga alohida to‘xtaldi. Milliy gvardiyaga qo‘shimcha vakolat berilib, park, xiyobon va bozorlarda jamoat tartibini saqlash ushbu tuzilma zimmasiga yuklandi. Lekin bozorlarni “jinoyatdan xoli hudud”ga aylantirish borasida Milliy gvardiyaning faoliyati qoniqarli emasligi aytildi.
Shu yilning o‘zida Milliy gvardiya mas’ul bo‘lgan hududlardagi 236 ta jinoyatning 86 foizi aynan bozorda sodir etilgan.
Umuman, Milliy gvardiya javobgarligi ostidagi hududlarda jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha tizim yaratilmagani ko‘rsatilib, Milliy gvardiya qo‘mondonining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birinchi o‘rinbosari In’omjon Ibragimov lavozimidan ozod etildi.
Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagani uchun Milliy gvardiyaning Jizzax va Surxondaryo viloyatlari boshqarma boshliqlari Anvar Ibrohimov va Sharofiddin Saidov, Navoiy shahar qo‘riqlash bo‘limi boshlig‘ini ishdan bo‘shatishga ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, Prezident yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar ahvolidan mutlaqo norozi. O‘tgan olti oyning o‘zida 4 mingga yaqin avto-avariyalar sodir etilib, 873 nafar shaxs vafot etgan, 3,5 mingdan ortig‘i jarohat olgan. Avariyalarning 48 foizi yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar sabab kelib chiqqan. Eh, bu haqda qachondan beri bong urib kelamiz. Yo‘llarda chiziqlar yo‘q, bori ham kamera degan qopqonga ilintirish uchun. Chiziqlarning qanchadan qanchasi noto‘g‘ri chizilgan, minglab yo‘l belgilari haydovchilarni chalg‘itadi. Aytaman desang gap ko‘p, eshitadigan, javob beradigan odam yo‘q. Yo‘l harakati xavfsizligiga mas’ul rahbarlar esa matbuot, jurnalistlardan qochgani qochgan.
Prezident yig‘ilib qolgan qator e’tirozlarni inobatga olib, Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi rahbari Olimjon Saidovga “hayfsan” berdi. Shuningdek, Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari YHXB boshliqlari lavozimidan ozod etildi.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha o‘ziga yuklatilgan vazifalarga sovuqqonligi, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ygani va mansab vakolatidan shaxsiy manfaatlarida foydalanib kelganligi uchun Qo‘qon shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va uning birinchi o‘rinbosari, Qo‘qon shahar ichki ishlar jamoat tartibini saqlash bo‘limi komandiri o‘rinbosari, O‘zbekiston tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimidan ozod qilindi.
Shuningdek, viloyat prokurorining ichki xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi, viloyat prokuraturasi iqtisodiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i, viloyat prokurorining voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha yordamchisi, Rishton tumani prokurori ishdan olindi.
Bosh prokuratura va Davlat xavfsizlik xizmatiga ularning faoliyatiga qonuniy baho berib, tergov harakatlarini boshlash topshirildi.
Shuningdek, qo‘l ostidagi xodimlari hamda ichki ishlar idoralarida qonun ijrosi ustidan nazoratni susaytirib yuborgani uchun Farg‘ona viloyati prokurori Baxtiyor Ismoilovga “hayfsan” berildi.
32 yoshli ayol ko‘p qavatli uyning liftiga kirib, qaytib chiqmadi
O‘tgan yilning qishidan boshlab O‘zbekistonning boshqa hududlari qatori investitsion jozibadorligi bilan ko‘z-ko‘z qilinadigan, ammo infratuzilmasi, kommunikatsiyalari bilan bunga u qadar ham javob bermayotgan poytaxt Toshkentda “svet” o‘chishlar avjiga chiqdi. Rasmiylar o‘shanda elektr energiyasidagi uzilishlarni anomal sovuq bilan bog‘lagan edi. Ammo uzilishlar anomal sovuqning chekinishi yoki Ortiqxo‘jayevning hokimlikdan olinishi bilan barham topgani yo‘q. Aksincha, endi yoz ham elektr energiyasidagi talafotlarsiz o‘tmayapti. Qishdagi uzilishlar, odamlarning isinish uchun turli yo‘llardan foydalangani yoki katta kuchlanishdagi elektr sabab o‘t ketgan uylar bo‘ldi, ayrim tumanlarda qahratondan muzlab o‘lganlar ham bo‘lgani haqida uzunquloq, tasdiqlanmagan xabarlar tarqaldi. Qishdagi bunday gaplar lof bo‘lishi mumkin, lekin elektrdagi uzilishlar o‘z ortidan qurbonlarni olib kelayotgani endi lof emas. Joriy haftada “svet” o‘chishi oqibatida 32 yashar pochtachi Olga Leonteva ko‘p qavatli uyning liftida qolib ketib, havo yetishmasligidan vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Ayol pochtaga kelgan xatni yetkazib berish uchun ko‘p qavatli uyning 9-qavatiga liftda ko‘tarilgani, lift to‘xtab qolishi oqibatida qamalib, ancha vaqt qolib ketgach, vafot etgani aytilmoqda.
Bosh prokuraturaga ko‘ra, joriy yilning 24 iyul kuni soat taxminan 14:50 larda 32 yoshli ayol Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyning liftiga kirib, qaytib chiqmagan. 26 iyul kuni marhumaning yaqin qarindoshlari tomonidan ichki ishlar idorasiga bedarak yo‘qolgani haqida xabar berilgan.
Tekshirish davomida ko‘p qavatli uyda yashovchilar ushbu lift bir necha kundan buyon ishlamayotgani, oldin ham nosozlik holatlari ko‘p takrorlangani haqida ma’lum qilgan.
Shifokorlarning dastlabki tibbiy ma’lumotnomasida, marhumaning o‘limiga yurakning ishemik kasalligi, o‘tkir yurak, qontomir va nafas yetishmovchiligi sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.
“Jamoatchilikda ushbu voqea bo‘yicha bildirilayotgan taxminlar tergovga qadar tekshiruv davomida to‘liq tekshirilib, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.
Shu O‘zbekiston turizmini rasman Abduhamikov Turizm vazirligi, deb nomlasak bo‘ladiyov. Boisi janob Aziz Abduhakimov qaysi vazirlikka o‘tsa, turizm sohasi uning ortidan o‘sha vazirlikka qo‘shib qo‘yiladi. 2022-yilning dekabrida e’lon qilingan va betakroru bexato deb ta’riflangan ma’muriy islohotlar 7 oyda samarasini ko‘rsatib, ikkita vazirlik nomi o‘zgardi. Mana, yana Madaniyat vazirligidan turizm sohasi yulib olinib, Madaniyat va turizm vazirligi negizida Madaniyat vazirligi tashkil etilib, unga yana Ozodbek Nazarbekov vazir etib tayinlandi.
Aziz Abduhakimov boshqarib kelayotgan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzurida esa Turizm qo‘mitasi qayta tashkil etildi. Prezident qarori bilan Umid Shodiyev qo‘mita raisi lavozimiga tayinlandi.
Ha aytgancha, tugayotgan haftada turizmni qo‘lidan boy bergan Nazarbekovga Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti professori ilmiy darajasi berildi.
O‘zbekistonda kambag‘allar soni qancha?
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi O‘zbekistonda kambag‘allar sonini hisoblab chiqdi. Bugungi kunda respublika bo‘yicha 1 million 307 ming 800 ta kambag‘al oila mavjud. Mamlakatda kambag‘allik darajasi 14,1 foizni tashkil qilmoqda. Vazirlikning maqtanishicha, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 17 foiz bo‘lgan bo‘lsa, shu yil yakuniga qadar kambag‘allik darajasini 12 foizga (1 million 180 ming oila) qadar tushirib, 130 mingga yaqin oilani kambag‘allikdan chiqarish reja qilingan.
Statistikaga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha kambag‘allik darajasi eng past bo‘lgan hududlar Toshkent shahri, Navoiy va Farg‘ona viloyatlari hisoblanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari esa aksincha, kambag‘al oilalar nisbatan ko‘proq bo‘lgan hududlar sifatida tasniflangan.
Shuni aytish o‘rinliki, O‘zbekistonda 2023 yil uchun hisoblangan kambag‘allik chegarasi – minimal iste’mol xarajatlari bir oyda bir kishiga 568 ming so‘mni tashkil etmoqda.
Suvi narxlari keskin qimmatlashdi
O‘zbekistonning ba’zi hududlarida ichimlik suvi va oqova xizmatlar bo‘yicha tarif narxlari keskin qimmatlashdi. Toshkent viloyatida 20 avgustdan boshlab 1 kb metr ichimlik suvi narxi 950 so‘mdan 1700 so‘mga oshirildi, byudjet tashkilotlari uchun bu miqdor 7 ming so‘mni tashkil etmoqda. Ushbu ko‘rsatkich “Toshkent suv ta’minoti” MCHJ tomonidan aholiga yetkazib beriladigan suv narxiga nisbatan olingan.
Oqova suv xizmati esa aholi uchun 1 1 kb metr uchun 850 so‘m, byudjet tashkilotlari uchun 1 850 so‘m etib belgilandi.
Bundan tashqari, “Chimgan-Chorbog‘ suv ta’minoti” MCHJ va “Musaffo obi hayot” MCHJ tomonidan yetkazib beriladigan ichimlik va oqova suv xizmati uchun ham alohida yangilangan tariflar miqdori keltirilgan.
Shuningdek, narxlarning oshishi hududlarga ham ta’sir qiladi, xususan, Surxondaryoda iste’mol suvi narxi 1 kb metr uchun 2140 so‘mga, Qashqadaryoda esa 2000 so‘mga ko‘tarilgan.
Ma’lumot uchun, so‘nggi besh yil ichida Toshkent viloyatida ichimlik suvi ta’minoti darajasi 60,9 foizdan 73,8 foizga yetdi. Markazlashtirilgan ichimlik suvi ta’minoti uchta yirik yer usti inshootlari orqali amalga oshiriladi: Angren shahridagi Navro‘z suv tozalash inshooti, Chirchiq shahridagi ochiq suv tozalash inshooti, Qibray tumanidagi Qodiriya suv tozalash inshooti, shuningdek, 22 tumandagi quduqlar orqali. Ichimlik suvi aholiga 594 ta suv inshootlari, 866 ta suv olish quduqlari, 6683,6 km suv quvurlari va tarmoqlar orqali yetkazib beriladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbari Antoniu Guterrish dunyoda global isish davri tugab, global qaynash davri boshlanganini aytdi. O‘zbekistonda ham kun qaynagandan qaynayapti. Odamlar ekologik vaziyat, chang-to‘zonlar, daraxtlar qirg‘inidan norozi. Va bizga oid ma’lumotlarga ko‘ra, oldimizda turgan haftalarda elektr energiyasi narxi ham oshishi kutilmoqda. Demak, kelayotgan haftada ham muhokama qilishimizga arzirli voqealar ko‘p bo‘ladi. Qalampirda qoling.