Davlatimizni bu sharmandalikdan qutqarishimiz kerak – Erdo‘g‘an
Olam
−
28 Oktabr 2022
19417Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatning yangi konstitutsiyasini qabul qilishni o‘z ma’muriyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb atadi. U bu haqda bugun, 28 oktyabr kuni Anqarada o‘zi boshchiligidagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasining hokimiyatdagi 20 yillik faoliyati va saylovoldi dasturining sarhisobi deb ataladigan “Turkiya asri” loyihasi taqdimotida aytdi.
Erdo‘g‘an, so‘nggi 20 yil ichida Turkiyada ta’lim, sog‘liqni saqlash, huquqni ta’minlash, xavfsizlik, transport, energetika, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi yutuqlarni sanab, yana amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar ham borligini urg‘uladi.
“Bularning boshida mamlakatimizni [davlat] to‘ntarish konstitutsiyasi sharmandaligidan qutqarish va butunlay yangi, fuqarolik, demokratik va libertar konstitutsiyaga ega bo‘lishga urinishlarimiz turibdi”, deydi Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an 1980 yilning 12 sentyabr kuni mamlakatda sodir etilgan davlatga qarshi to‘ntarishni esladi va amaldagi konstitutsiya ushbu to‘ntarishni amalga oshirgan guruh tomonidan ishlab chiqilgani, asosiy qonunda to‘ntarish asoratlari yashayotganini aytdi.
“12 sentyabr davlat to‘ntarishi konstitutsiyasining amal qilish muddati allaqachon tugagan. Bu yo‘nalishda boshlagan tashabbuslarimizdan ba’zilari Assambleya bosqichida, ba’zilari muxolifatning qo‘llab-quvvatlamagani natijasida taklif bosqichida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Milliy irodaning mahsuli bo‘lgan yangi konstitutsiyani mamlakatimizga olib kelish Turkiyaning asriga qarashimizning birinchi maqsadlaridan biridir”, deydi Erdo‘g‘an.
Prezidentga ko‘ra, yangi konstitutsiya mamlakat tinchligini mustahkamlash, xalq farovonligini oshirish, qonun ustuvorligi, plyuralizm, adolat va huquqni mustahkamlash, har bir fuqaro erkinligini kafolatlash, yoshlarning o‘z kelajagiga yuksak ishonch bilan qarash imkonini beradi.
“Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, uni Turkiya asriga mos tarzda tayyorlashga, parlamentimiz va millatimiz roziligi bilan amalga oshirishga qaror qildik”, deydi Turkiya rahbari.
Uning urg‘ulashicha, ming yil davomida o‘z vatanini, bir asr davomida respublikasini, 80 yil davomida demokratiyasini, 15 iyulda mustaqilligini himoya qilish badalini to‘lagan xalq uchun bunday konstitutsiyaga ega bo‘lish eng asosiy huquqdir.
“Biz Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish bo‘yicha taklif tayyorladik, u ro‘mol o‘ragan yoki o‘ranib yurgan barcha qizlarimiz va opa-singillarimizning ta’lim va mehnat huquqlarini ta’minlaydi, shuningdek, oilaviy institutimizni buzuq oqimlar tahdididan himoya qiladi. Umid qilamizki, kelasi haftada parlamentga taklifimizni taqdim etish orqali aslida tabiiy huquq bo‘lgan bu masalaning mamlakatimiz kun tartibidan butunlay olib tashlanishini ta’minlaymiz, degan umiddamiz”, deydi Erdo‘g‘an.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Anqara sport arenasida bo‘lib o‘tgan tadbirda 30 mingga yaqin kishi: siyosiy elita, jamoatchilik, biznes vakillari, Turkiyadagi xorijiy diplomatik vakolatxonalar rahbarlari ishtirok etgan.
1 oktyabr kuni Turkiya parlamentining kuzgi sessiyasi ochilishida so‘zga chiqqan Erdo‘g‘an 1980 yilgi harbiy to‘ntarishdan keyin 1982 yilda tasdiqlangan amaldagi konstitutsiya o‘rniga yangi konstitutsiyani tezroq qabul qilishga chaqirdi. Turkiya rahbari, shuningdek, unda ayollarning hijob o‘rash huquqini mustahkamlab qo‘yishni taklif qildi. Turkiya Adliya vaziri Bakir Bo‘zdog‘ 5 oktyabr kuni yangi asosiy qonunni tayyorlash bo‘yicha ish boshlanganini ma’lum qildi.