Davlat yeri va binosini sotib olishda to‘lov shartlari yengillashtirilmoqda

Jamiyat

image

Davlat aktivlari va yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha tadbirkorlarga moliyaviy erkinliklar berilmoqda. Endi ishlab chiqarish yoki biznesni kengaytirish uchun davlat ob’ektlarini katta yuk va ortiqcha to‘lovlarsiz xarid qilish mumkin. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 28 avgust kuni qabul qilingan “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.

Unga ko‘ra, endi davlat ob’ektlarini sotib olishda:

  • Avans to‘lovi 15 foiz. Bu biznesga katta pullarni birdaniga muzlatib qo‘ymay, ularni yangi loyihalar va ishlab chiqarishga yo‘naltirish imkonini beradi;
  • To‘liq to‘lovga 25 foiz chegirma beriladi. Agar aktiv qiymati 6 oy ichida to‘liq to‘lansa, shartnoma summasining chorak qismi kechib yuboriladi;
  • Shuningdek, 7 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash mumkin: Aktiv qiymatining yarmini (50 foiz) 6 oyda to‘lagan xaridorga qolgan qismini 7 yil davomida foizsiz to‘lash imkoniyati beriladi (yoki 35 foizini 3 oyda to‘lab, qolganini 5 yilga bo‘lib to‘lash mumkin);
  •  “Tayyor paket” yerlar: Yer uchastkalari loyihasi, ruxsatnomalari va kommunikatsiya texnik shartlari tayyor holda savdoga chiqariladi. Ya’ni auksiondan yer olib, hujjat yig‘ish va tarmoqlarga ulanish uchun 6 oydan 1 yilgacha vaqt yo‘qotishga chek qo‘yiladi.

Qayd etilishicha, islohot maqsadi – iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirib, yillar davomida foydalanilmay yotgan aktivlarni real qiymat, daromad va yangi ish o‘rinlari yaratadigan loyihalarga aylantirish.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing