Davlat tilida matni bo‘lmagan loyihalar avtomatik ravishda muhokamadan o‘chiriladi

Jamiyat

image

Portal ma’muriyati davlat tilidan boshqa tildagi matnli loyihalar tomonidan avtomatik tarzda o‘chirilish haqidagi ogohlantirish 20 apreldan joylashtirilgan. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Davlat organlari loyihalarni O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) mustaqil ravishda o‘zlari joylashtirishadi. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonunining 8-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon qilinadi. 

Shunga asosan, davlat tilida matni bo‘lmagan boshqa tilda kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari regulation.gov.uz portali ma’muriyati tomonidan avtomatik ravishda o‘chirilishi haqida ogohlantirilgan. Ushbu ogohlantirish joriy yilning 20 apreldan joylashtirildi.

Shu bilan birga, Adliya vazirligi ekspertiza yakunlari bo‘yicha xulosada loyiha o‘zbek tilida taqdim etilsin deb yozadi. Chunki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 avgustdagi PF-5519-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Reglamentining 49-bandida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalari Administratsiyaga davlat tilida, zarurat bo‘lganda – boshqa tillardagi tarjimasi bilan birga kiritilishi belgilangan.

Bundan tashqari, Hukumatning 2019 yil 22 martdagi 242-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamentining 40-bandiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi hujjatlari loyihalari Hukumatga davlat tilida, zarurat bo‘lganda – rus tili va boshqa tillarga tarjima qilinib kiritilishi lozim”, deyiladi vazirlik axborotida.
 


Maqola muallifi

Teglar

davlat tili

Baholaganlar

43

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing