Davlat tashkilotlariga elektron do‘kondan sotib olishga ruxsat berildi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va davlat xaridlari jarayoniga tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Davlat xaridlari tizimining shaffofligini ta’minlash hamda uni yanada takomillashtirish hisobiga korporativ buyurtmachilar, shu jumladan, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlash hamda samaradorligini oshirish, davlat xaridlari jarayoniga tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilish maqsadida:

1. Belgilansinki, 2020 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi “Xo‘jalik jamiyatlari va strategik ahamiyatga ega korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3487-son qarori bilan tasdiqlangan strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar:

eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li orqali xaridlarni amalga oshirishdan oldin davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida e’lon joylashtiradi. E’londa xarid komissiyasi tomonidan takliflarni qabul qilib olishning o‘n besh kundan kam bo‘lmagan so‘nggi muddati hamda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunining 52-moddasida nazarda tutilgan axborot bo‘lishi kerak;

xarid komissiyasining eng yaxshi takliflarni tanlab olish bo‘yicha bayonini u rasmiylashtirilgan kuni davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida ikki ish kuni muddatga jamoatchilik muhokamasiga joylashtiradi;

davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalar to‘g‘risida ma’lumotlarni ular tuzilgan sanadan boshlab uch ish kundan kechiktirmasdan belgilangan tartibda davlat buyurtmachilari bilan tuzilgan shartnomalar reyestriga kiritadi;

xaridlarni elektron do‘kon va boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion orqali qonunda belgilangan mezonlarga muvofiq amalga oshirishga haqli.

2. Tanlov va tender savdolari orqali davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron shaklga o‘tkazish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2020 yil 1 yanvardan boshlab davlat buyurtmachilariga elektron do‘konning qo‘shimcha sahifasidan foydalangan holda, davlat xaridlarini hududlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) kesimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar (ish bajaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar) o‘rtasida amalga oshirish huquqi beriladi. Bunda, elektron do‘konning qo‘shimcha sahifasida xarid qilish tartib-taomili yakuniga ko‘ra tovar (ish, xizmat) mavjud emasligi sababli shartnoma tuzilmagan bo‘lsa, davlat buyurtmachisi elektron do‘konning asosiy sahifasidan foydalanmasdan mustaqil ravishda tanlangan yetkazib beruvchi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga haqli emas.

5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda bir oy muddatda davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalidagi elektron do‘kon savdo maydonchasida davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlarini hududlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) kesimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar (ish bajaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar) o‘rtasida amalga oshirish imkoniyatini beruvchi qo‘shimcha sahifa yaratilishini ta’minlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020 yil 1 yanvardan boshlab Moliya organlari va byudjet tashkilotlari moliya-hisob bo‘linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv markazi bazasida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning xodimlari uchun o‘quv jarayoniga sohadagi yetakchi mutaxassislarni keng jalb qilgan holda davlat xaridlari bo‘yicha maxsus kurslar tashkil qilsin.

7. 2020 yil 1 apreldan boshlab byudjet tashkilotlarining chet el valyutasidagi mablag‘lariga nisbatan Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari ochish orqali g‘azna ijrosi mexanizmi joriy etilsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari 3-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2019 yil 5 dekabr


Maqola muallifi

Teglar

qaror davlat xaridlari

Baholaganlar

13

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing