Davlat statistika qo‘mitasi 2017 yildagi YAIMning 53 trln so‘mga “o‘stirilganiga” izoh berdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat statistika qo‘mitasining turli davrlarda e’lon qilingan press-relizlarida 2017 yil uchun YAIM bo‘yicha keltirilgan ma’lumotlarning o‘zaro mos emasligi, ma’lumotlarda 50 trln so‘mdan ortiq farq borligi to‘g‘risidagi xabarlar tarqalgandi.

Davlat statistika qo‘mitasi mazkur nomutanosibliklarning kelib chiqishi yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2017 yil uchun YAIM ko‘rsatkichi bo‘yicha tafovutlar tarmoqlar statistikasi ma’lumotlarini qayta hisoblab chiqish natijalari bilan bog‘liq. Davlat statistika qo‘mitasining 2018 yil yanvar oyida e’lon qilingan dastlabki baholashlariga ko‘ra, O‘zbekistonda YAIM hajmi 249,1 trln so‘mni tashkil etgan. Keyinchalik, 2018 yilning may oyida Davlat statistika qo‘mitasi YAIM hajmiga dastlabki aniqliklarni kiritdi va unga ko‘ra YAIM hajmi 254,0 trln so‘mni tashkil etgan. 

Ushbu ma’lumotlar Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy saytida, shuningdek, Xalqaro Valyuta Jamg‘armasining kengaytirilgan Ma’lumotlarni tarqatishning umumiy tizimi (k-MTUT) doirasida O‘zbekistonning yig‘ma ma’lumotlar milliy sahifasida (r-OSRD) joylashtirilgan.

2019 yil yanvar oyida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan 2017 yil uchun YAIM ko‘rsatkichi keng miqyosda qayta ko‘rib chiqildi va bu asosan qishloq xo‘jaligi tarmog‘i ma’lumotlaridagi o‘zgarishlar natijasida kelib chiqdi. Bu o‘zgarishlar, bir necha yillar davomida qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish hajmini hisoblashda bozor narxlariga nisbatan sezilarli darajada past bo‘lgan narxlardan foydalanilganligi bilan izohlanadi.

Ta’kidlanishicha, ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining barcha turlari bo‘yicha o‘rtacha yillik narxlar qayta ko‘rib chiqilib, bozor narxlariga o‘tkazildi. Bunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish miqdori, ya’ni natura ko‘rinishidagi hajmlari o‘zgarmagan. Masalan, 2017 yil uchun qayta baholashga qadar 1 kg donning o‘rtacha yillik narxi 648 so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, qayta baholashdan keyin 1686 so‘mni, sabzavotlar qayta baholashga qadar – 895 so‘mni, qayta baholashdan keyin – 2547 so‘mni, poliz ekinlari qayta baholashga qadar – 865 so‘mni, qayta baholashdan keyin – 1128 so‘mni, tirik vazndagi mol go‘shti qayta baholashga qadar – 5986 so‘mni, qayta baholashdan keyin – 17470 so‘mni; sut qayta baholashga qadar – 577 so‘mni, qayta baholashdan keyin – 1678 so‘mni tashkil etgan.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘rtacha yillik narxlari qayta hisoblab chiqilganidan so‘ng ushbu tarmoqning yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi 43,1 trln so‘mdan 91,0 trln so‘mga va mos ravishda, YAIM hajmi 254,0 trln. so‘mdan 302,5 trln so‘mga oshgan (+47,9 trln so‘m qishloq xo‘jaligi hisobiga, +0,6 trln so‘m boshqa tarmoqlarga kiritilgan aniqliklar hisobiga). Shu bilan birga, qayta hisoblash natijasida YAIMning o‘sish sur’atlari 5,2 foizdan 4,5 foizgacha pasaygan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligining YAIM tarmoqlari bo‘yicha tarkibidagi ulushi 19,7 foizdan 34,0 foizgacha o‘sgan, sanoatning ulushi 27,2 foizdan 22,2 foizgacha, qurilishning ulushi 6,9 foizdan 5,7 foizgacha, xizmatlar sohasining ulushi 46,2 foizdan 38,1 foizgacha kamaygan.

Qayd etilishicha, mahsulotlarga sof soliqlar ko‘rsatkichidagi o‘zgarishlar Milliy hisoblar tizimi va Davlat moliyasi statistikasi ma’lumotlari o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlikni ta’minlash maqsadida amalga oshirilganligi bilan izohlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

YaIM statistika

Baholaganlar

18

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing