O‘zbekistonda nikohlar soni so‘nggi yillarda keskin kamaydi
Jamiyat
−
11:02 475 2 daqiqa
O‘zbekistonda joriy yilning yanvar–iyun oylarida 92,3 mingta nikoh qayd etildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1991 yilda mamlakatda 270,3 mingta nikoh qayd etilgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 311,4 mingtaga yetgan. Eng kam ko‘rsatkich esa 2000 yilda kuzatilib, 168,9 mingta nikoh qayd etilgan.
So‘nggi yillarda ham nikohlar soni izchil kamaygan. 2021 yilda 305,2 mingta nikoh qayd etilgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib bu raqam 267,1 mingtani tashkil qilgan. Ya’ni, to‘rt yil ichida nikohlar soni 38,1 mingtaga kamaygan.
Joriy yilning yanvar–iyun oylarida esa O‘zbekistonda 92,3 mingta nikoh qayd etilgan.
O‘zbekistonda tuzilgan nikohlar soni yillar kesimida:
- 1991 yil – 270,3 mingta;
- 1995 yil – 170,8 mingta;
- 2000 yil – 168,9 mingta;
- 2005 yil – 184,0 mingta;
- 2010 yil – 292,3 mingta;
- 2015 yil – 287,6 mingta;
- 2018 yil – 311,4 mingta;
- 2020 yil – 296,8 mingta;
- 2021 yil – 305,2 mingta;
- 2022 yil – 296,7 mingta;
- 2023 yil – 283,8 mingta;
- 2024 yil – 271,8 mingta;
- 2025 yil – 267,1 mingta.
Ma’lumot uchun, joriy yilning yanvar–iyun oylarida ajrimlar soni 24 815 tani tashkil qilgan. Har ming aholiga nisbatan ajrimlar koeffitsiyenti 1,3 promillega teng bo‘lgan. Ya’ni, mamlakat aholisi hisobida har 1000 nafar kishiga o‘rtacha 1,3 ta nikohdan ajralish holati to‘g‘ri kelgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 39 mln 535 ming 225 kishini tashkil etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi