Davlat pulini “jig‘ildoniga urayotganlar” jazolanmaydimi?
Tahlil
−
15 mart 2023
119942022 yilda O‘zbekistonda 412 nafar mansabdor ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bilasizmi nima uchun? Davlat xaridlarini amalga oshirishda raqobatga zid holatlarga yo‘l qo‘ygani uchun. Bu haqda 13 mart kuni Toshkentda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish davlat qo‘mitasining xalqaro tashkilotlar hamkorligida o‘tkazgan “Davlat xaridlarini amalga oshirishda til biriktirish holatlariga qarshi kurashish” mavzusidagi davra suhbati davomida ma’lum qilindi.
Davlat xaridlari bu byudjet mablag‘lari hisobiga hukumat yoki davlat idoralari tomonidan sotib olinadigan, mamlakatda yoki chet ellarda ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlar degani.
“O‘zbekistonda o‘tgan 2022 yilda jami 204 trln so‘mlik davlat xaridi amalga oshirilgan va bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining esa 23%ini tashkil qiladi”, deydi tadbirda nutq so‘zlagan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sarvar Nazarov.
Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2022 yilgi davlat umumiy xarajatlarining yarmini tashkil qiladi.
Bunday xaridlarni amalga oshirishda esa qonunbuzilish holatlari juda ko‘p ko‘zga tashlanadi.
2022 yil davomida bevosita hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlat va korporativ byurtmachilar tomonidan 6 201 ta savdo jarayonida 8 698 ta raqobatga zid holatlar aniqlangan. Shundan:
• 1 125 ta holatda ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro kelishib olingan harakatlar (affillanganlik);
• 313 ta holatda byurtmachi va ishtirokchi o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvi;
• Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida tovar va moliya bozorida 40 taдан ortiq kartel (kelishib olganlik) va til biriktirish holatlari aniqlangan.
Bundan tashqari, qo‘mita tomonidan 6 728 ta holatda savdolar o‘tkazishning qonunchilikda belgilangan tartibi buzilgani, 42 ta holatda byurtmachilar tomonidan savdolar ishtirokchilarining faoliyatini muvofiqlashtirishda kamchilikka yo‘l qo‘yilgani, 58 ta holatda tender savdolaridan ishtirokchilar asossiz ravishda chetlashtirilgani va davlat tashkiloti o‘ziga tanish korxonadan tovarlar xarid qilgani, 432 ta holatda esa savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berilgani fosh etilgan.
Ha, ayrim davlat tashkilotlari muayyan kompaniyalar bilan hech qanday tendersiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzib keladi. Ularga bu vakolatni hukumatning o‘zi bergan axir.
2021 yilda qabul qilingan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 71-moddasida davlat organlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi belgilab berilgan.
Shuningdek, Prezidentning 2018 yil 27 sentabrdagi 3953-sonli qarorida berilgan yengilliklar bilan davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha “qonuniy” xaridlar amalga oshirib kelinadi.
“Eng asosiy muammolardan biri, davlat organlarining xaridlarni amalga oshirishda korxonalar bilan hech qanday tendersiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar imzolashidir. Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2021 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat xaridlariga ajratiladigan mablag‘larning katta qismi yoki umumiy shartnomalarning 39 %i to‘g‘ridan-to‘g‘ri imzolangan. 2022 yilda bo‘ ko‘rsatkich 42 %ni tashkil etgan”, deydi Toshkent davlat yuridik universitetining “Biznes huquqi” kafedrasi boshlig‘i Husayn Rajabov.
2022 yilning sentyabr oyida Oliy Majlis Senati ikki kunlik tadbir uchun naq 3 mlrd 230 mln so‘m sarflagan.
8-9 sentabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar ayol rahbarlarining 14-sammitiga kelgan mehmonlarni birgina kechki ovqati uchun yozilgan dasturxonidagi go‘shtli assorti, dudlangan losos balig‘i va pishloq uchun salkam 90 mln so‘m sarflangan.
O‘tkazilgan tadbirning tashkiliy ishlari uchun – Kongress markazining ijarasi va kofe-breykga 957 mln so‘m, Kongress markazning zallari uchun 1,2 mlrd so‘m hamda sammitga kelgan mehmonlarni ovqatlantirishga 1 mlrd 56 mln so‘m og‘rinmasdan ishlatib yuborilgan.
2022 yilning oktyabr oyida 60 million 375 mingga Vetnam Sotsialistik Respublikasi Vitse Prezidenti Vo Txi An Suan boshchiligidagi delegatsiya bilan 25 kishilik tushlik qilingan.
2022 yilning 27-28 noyabr kunlari esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodinning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi munosabati bilan yana aynan mana shu “Sky events” korxonasidan dasturxon uchun 151,8 mln so‘mlik buyurtma bergan. Bu safar korxona davlatga oddiy o‘zimizning suzmani 76 ming so‘mga sotgan. Bunday misollar va korxonalar aslida anchagina.
Bularning hammasi xalq puli. Ota-bobolardan qolgan gap bor: beli og‘rimay topganning non yeyishini ko‘r!
Bunday tadbirlar davomida Oliy Majlis Senatidagilar bir donasi 100 ming so‘mlik somsa, porsiyasi 360 ming so‘mlik desert, porsiyasi 335 ming so‘mlik avakado va krevetkali salat, donasi 160 ming so‘mlik non va porsiyasi 260 ming so‘m bo‘lgan grek yong‘og‘ini paqqos tushurishgan. Shartnomalar esa tepadagilarning doimiy hamkori “Sky Events” korxonasi bilan imzolangan. Agar esingizda bo‘lsa aynan mana shu korxona 2022 yilning mart oyida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tashkillashtirilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida davlatga bir dona somsani 70 mingga, qulupnayni 200 ming so‘mga, bir porsiya oshni esa 230 ming so‘mga pullagan edi.
Nega hech kim mana shunday fantastik narxli korxonalarga va xalq pulini sarflayotgan davlat organlariga chora ko‘rmaydi?
“Albatta, har bir davlat organi davlat xaridlarini “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiq amalga oshirishi kerak. Ya’ni o‘zining xaridini maksimal darajada ommaga e’lon qilishi, ushbu xaridda ishtirokchilar sonini ko‘paytirib, eng yaxshi taklifni tanlab olishi kerak. Yuqorida sanab o‘tilgan tadbirlarda har bir keys alohida o‘rganilishi kerak. Bu qo‘mitamiz tomonidan o‘rganib borilyapti. Huquqiy baho bersh uchun esa xarid jarayonida nechta ishtirokchi qatnashgani, ishtirokchilarning takliflari, texnik tomonlari, narxlar talablari qanaqa bo‘lganini o‘rganish kerak. Bunday holatlar keng ommada shubha uyg‘otgani kabi davlat xaridlarini nazorat qiluvchi mas’ul organlarda ham shubha uyg‘otmoqda. Har bir shubha uyg‘otgan holat esa o‘rgalilishi kerak. Lekin aniq dalillar bo‘lsagina, masala sud tartibida ko‘rib chiqilsagina biz aniq xulosaga kela olamiz. Afsuski, boshqa davlat organlarida ham bunday holatlar ko‘p ko‘zga tashlanmoqda”, deydi Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Amrullo Qayumov.
Shuningdek, u jurnalistning Senat tadbirlardagi dabdabavozlik, faqat bir xil korxonalar bilan davlat xaridini amalga oshirayotgani haqidagi savoliga ham javob berib o‘tdi.
“Ha, siz aytgan holat ham qo‘mita tomonidan o‘rganilyapti. Natijalar chiqishi bilan e’lon qilinadi”, deydi qo‘mita o‘rinbosari.
Shuni ta’kidlash joizki, davlat xaridlarini amalga oshirishda tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yish – bu O‘zbekistonda tadbirkorlarning erkin rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va narxlarni 20-30 %ga oshirib yuboradi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi garchi biz yuqorida tilga olgan qimmatfurush davlat organlarining aybini ocholmagan bo‘lsa ham, o‘z vakolati doirasida aniqlagan ayrim qonunbuzilish holatlariga nisbatan ta’sir choralari ko‘rilganini aytdi. Unga ko‘ra:
• 5 507 ta qonun buzilishi holatlari bo‘yicha huquqiy baho berish uchun huquq tartibot va boshqa organlariga ma’lumotnomalar kiritilgan;
• 235 ta qonun buzilishi holatlari byurtmachilar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilgan;
• 2956 ta holat bo‘yicha Qo‘mita tomonidan 620 ta ish qo‘zg‘atilib, 530 ta ko‘rsatmalar berilgan hamda 412 ta mansabdor ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Lekin majlisda nutq so‘zlagan xorijiy ekspertlar O‘zbekistondagi dalat xaridlariga oid qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan mansabdorlarga beriladigan jazo choralari yetarli emasligini aytdi.
“Xorijiy ekspertlar davlat xaridini amalga oshirishda til biriktirish holatlariga yo‘l qo‘yilsa, o‘sha korxonaning rahbariga jaobgarlik mavjudmi, deb bizdan so‘rayapti. Lekin hozirgi paytda qonunchiligimizda bunday qonunbuzilishga yo‘l qo‘yganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjud emas. Ma’muriy javobgarlik bor va bu bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha, ya’ni 3 mln so‘m. Bu juda kam jarima. Biz hozirda qonunchilikka jinoiy javobgarlikni kiritish bo‘yicha Oliy sud va prokuratura organlari bilan ishlayapmiz. Agar harakatlarimiz samara beradigan bo‘lsa, haqiqatdan ham bunday qonunbuzilishlarning oldi olinar edi”, deydi Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi mas’uli.
Xorijiy mamlakatlarda esa davlat xaridlarini amalga oshirishda kartel kelishuvlari (jamoaviy kelishuvlar) hamda til biriktirishlar uchun moliyaviy va jinoiy javobgarliklar belgilangan bo‘lib, moliyaviy jarimalar miqdori jami yillik tovar sotish tushumiga nisbatan Yevropa Ittifoqi, Germaniya, Xitoy va Avstraliyada – 10 %gacha, Janubiy Koreyada davlat xaridining – 10 %igacha yoki 2 mln dollargacha, AQSHda – 100 mln dollargacha, Buyuk Britaniyada ichki bozordagi tushumning 30 foizigacha, Yaponiyada 4 mln dollargacha jarimalar solinishiga olib keladi. Davlat xaridlarini amalga oshirishdagi til biriktirishlar, tanish-bilishchilik shuningdk, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, AQSH va Janubiy Koreyada 5 yildan 10 yilgacha, qo‘shni Qozog‘istonda bunday mansabdorlar 6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi. Shuningdek, Norvegiyada ham 6 yil, Rossiyada esa 7 yilgacha va Kanadada 14 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.
Aslida davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunbuzilish holatlari bundanda ko‘p. Mas’ullar davlat xaridlarini amalga oshirishdagi til biriktirish holatlarini biladi, lekin isbotlay olmaydi.
“Davlat xaridlarida tanish-bilishchilik holatlarini aniqlashdan ko‘ra uni isbatlash juda katta muammo hisoblanadi. Aksar holatlarda Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlarida til biriktirish holatlari borligini biladi, lekin isbotlay olmaydi. Bunda O‘zbekistondagi sharoitlardan kelib chiqib takliflar berilishi kerak. Bizdagi eng katta muammo bu – dalil! Jahon bankining 2010 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, til biriktirishlar oqibatida davlat byudjeti o‘rtacha 20-40 foizgacha oshib ketadi. Bunda nafaqat soliqchilarning puli isrof bo‘ladi, balki insofli tadbirkorlarning davlat xaridlariga bo‘lgan ishonchini so‘ndiradi”, deydi Toshkent davlat yuridik universitetining Biznes huquqi kafedrasi boshlig‘i Husayn Rajabov.
Shuningdek, u O‘zbekistonda nima uchun davlat xaridlaridagi til biriktirish holatlarining ko‘pligini ham tushuntirib berdi.
“Chunki O‘zbekiston iqtisodiyotida hali ham davlat korxonalarining ulushi katta. Raqobat qo‘mitasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, bu salkam 50 %ni tashkil etadi. Qolaversa, tadbirkorlarning ham asosiy daromadi aynan davlat xaridlari hisoblanadi va davlat haligacha moliyaviy resurslarni taqsimlovchi hisoblanadi”, deydi Rajabov.
Mamlakatda davlat organlari tomonidan turli korxonalar bilan erkin, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzilishiga chek qo‘yilmas, amaldorlarga xizmat qiladigan lobbistik qonunlar bekor qilinmas ekan tepadagilar xalq pulini sochishda, kazo-kazo davralaru, to‘kin dasturxonlarda, qimmatbaho mehmonxonalarga isrof qilishda davom etaveradi.
O‘z puli o‘ziga yetib kelmayotgan xalqning ahvoli esa eski hammom – eski tosligicha qolib ketaveradi.
LiveBarchasi