Davlat mukofotlari qaysilar va ularga qancha mablag‘ to‘lanadi?
Jamiyat
−
09 dekabr 2019
70367Har bir inson o‘z mehnatini samarasini ko‘rishni xohlaydi. Yillar davomida ter to‘kadi, vaqtini sarflaydi. Zahmat chekib ishlayotgan mehnatkashlar nafaqat moddiy, balki ma’nan rag‘batlantirishga ham muhtojdir. Davlat tomonidan ma’naviy rag‘batlantirishning oliy ko‘rinishi – davlat mukofotlaridir. Xo‘sh, ularning qanday turlari bor va topshirish tartibi qanday?
Davlat mukofotlarining nechta turi mavjud?
Avvalo, so‘zni oliy qonunimiz Konstitutsiyamizdan boshlasak. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining ordenlari, medallari va yorlig‘i bilan mukofotlaydi, O‘zbekiston Respublikasining malakaviy va faxriy unvonlarini berish Prezident vakolatlaridan biri hisoblanadi. Bu borada o‘z darajasi bo‘yicha Konstitutsiyadan keyingi o‘rinda turuvchi xujjat bu – “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi qonun hisoblanadi.
Davlat mukofotlari ham ma’lum turlarga ega. Bularning ichida mavqei jihatidan “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni yuqori hisoblanadi. Bu mukofot bilan taqdirlangan sirasiga marhum shoir Abdulla Oripov, bu yil taqdirlangan Oltiariq tumani “Nurli obod”fermer xo‘jaligi boshlig‘i Lola Murotovalarni kiritish mumkin.
So‘ngra, O‘zbekiston Respublikasi faxriy unvonlari, orden, medallari va faxriy yorliqlari davlat mukofotlariga misoldir.
“O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga medali va guvohnoma topshiriladi. Faxriy unvonlarning esa qonunda 34 xili nazarda tutilgan. Ulardan O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi kabilarni keltirish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining ordenlari quyidagilardan iborat: “Mustaqillik”, “Amir Temur”, “Jaloliddin Manguberdi”, “Buyuk xizmatlari uchun ordeni”, “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati”, I va II darajali “Sog‘lom avlod uchun”, I va II darajali “Shon-sharaf”, “Do‘stlik”, “Mardlik”.
O‘zbekiston Respublikasi medallari esa 4tagina bo‘lib, “Jasorat”, “Sodiq xizmatlari uchun”, “Kelajak bunyodkori”, “Shuhrat” medallaridir.
Mukofotni berish tartibi
Davlatning ushbu mukofotlarini topshirish, ularning egalarini aniqlashda asosiy organ bu – Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiya hisoblanadi. Bu komissiyaning tarkibini Prezidentning o‘zi belgilaydi.
Kim qaysi mukofotga loyiq ko‘rilish masalasi taqdimnoma tarzida davlat rahbariga kiritiladi. Bu taqdimnomani berish masalasi komissiya bilan birgalikda sohaning yuqori turuvchi tashkiloti bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Misol uchun, biror sudyaga davlat faxriy unvoni yoki orden berilishi Oliy sud bilan, biror bank xodimiga Markaziy bank bilan kelishilgan holda taqdimnoma bilan Prezidentga kiritiladi. Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham davlat mukofoti bilan taqdirlanishi mumkin. Bunday taqdimnomani Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda kiritiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining o‘zi ham tashabbus bilan chiqishi mumkin. Prezidentni o‘zini davlat mukofoti bilan taqdirlash tashabbusi Parlament palatalari qarorlari bilan bo‘ladi.
Ayni bir shaxs ayni bir mukofot bilan taqdirlanishi mumkin emas. Bir marta “O‘zbekiston qahramoni” bo‘lgan shaxs yana shu mukofotni olishi mumkin emas. Bir mukofot olgan shaxs boshqa mukofot bilan oradan 3 yil o‘tib mukofotlanadi. Lekin, istisnolar doim bo‘lgan. Qonunda alohida hollarda bu muddat amal qilmasligi keltirilgan.
Davlat mukofotini olishga deyarli hamma haqli. Hatto, vafot etgan marhumlar ham bu huquqdan mosuvo etilmagan. Davlat mukofoti Prezident yoki boshqa vakolatli tashkilot rahbari berishi mumkin. Masalan, Oliy majlis Senati raisi, Qonunchilik palatasining Spikeri, Bosh vazir, Oliy sud raisi v.h.
Mukofotlar qanday taqiladi?
Davlat mukofotlarini taqishning ham o‘z qoidalari bor. Mukofotlar umummilliy bayramlar va tantanali tadbirlar vaqtida va boshqa holatlarda taqiladi. Oliy mukofot “Oltin Yulduz” medali, faxriy unvonlariga doir ko‘krak nishonlari, ordenlari va medallari ko‘krakning chap tomoniga taqilishi lozim.
Agar sizda bir necha mukofot bo‘lsa, ularning joylashish tartibi ham qonun xujjatlarida keltirilgan. Quyida ular bilan tanishamiz.
– Eng oliy mukofot – “Oltin Yulduz” medali eng yuqoriga taqiladi.
– Faxriy unvonlar orden va medallardan oldin taqiladi
– Ordenlar medallardan oldin taqiladi. Ularning tartibi yuqoridagi ko‘rinishda bo‘ladi. Faqat istisno sifatida, “Mustaqillik”, “Amir Temur”, “Jaloliddin Manguberdi”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari o‘ng tomonga taqiladi. Agar sizda chet davlatning mukofoti mavjud bo‘lsa, siz O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotini oldin taqishingiz lozim.
Kundalik hayotda orden va medallar o‘rniga lentalar taqiladi. Lentalar uchun plankalar bo‘rtib chiqqan va bo‘yi 12 mm, eni 24 mm bo‘lishi lozim.
Ushbu plankalar bo‘yicha istisno mavjud. Ularga oid qoidalar “Oltin Yulduz” medali, “Mustaqillik”, “Amir Temur”, “Jaloliddin Manguberdi” ordenlariga va faxriy unvonlarga nisbatan tadbiq etilmaydi.
Mukofotlarni saqlash, mamlakatdan olib chiqish va moddiy manfaat
Davlat mukofotini olgan shaxslar ularni but saqlashlari lozim. Agar harbiy vaziyatda, tabiiy ofatda va oldini olib bo‘lmas holatda yo‘qotilsa, dublikati beriladi. Lekin unda ham qimmatbaho bo‘lgan mukofotlardan tashqari. Bunday turdagisining dublikati berilmaydi. Ya’ni, sizda qimmatbaho metaldan qilingan mukofot bo‘lsa, uni ehtiyot qiling. Har qanday vaziyatda ham uning dublikatini olishning iloji yo‘q.
Agar mamlakat hududidan olib chiqishni ixtiyor qilgan bo‘lsangiz, unda sizda tegishli mukofotni tasdiqlovchi xujjat (guvohnoma) bo‘lishi lozim. Bunday xujjat yo‘qmi, demak siz uni olib o‘tolmaysiz.
Davlat mukofotlari faqatgina ma’naviy emas, moddiy jihatidan ham foydalidir. Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 3 yanvardagi 2-son qaroriga muvofiq, “Faxriy unvonlar egalariga to‘lovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan.
Nizomga ko‘ra, “Xalq” va “Xizmat ko‘rsatgan arbob” faxriy unvonlariga eng kam oylik ish haqining 3 baravari, “Xizmat ko‘rsatgan artist” uchun 1,8 baravari, “Xizmat ko‘rsatgan” unvoni bilan boshqa kasbdagilarga 1,6 baravar miqdorida to‘lovlar beriladi.
Shuningdek, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni har oylik maoshi yoki ish haqi miqdorida berib boriladi.
• “Mustaqillik” ordeni – eng kam ish haqining 75 baravari miqdorida;
• “Amir Temur” ordeni – eng kam ish haqining 70 baravari miqdorida;
• “Jaloliddin Manguberdi” ordeni – eng kam ish haqining 60 baravari;
• “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni – eng kam ish haqining 60 baravari;
• “El-yurt hurmati” ordeni – eng kam ish haqining 50 baravari;
• “Fidokorona xizmatlari” ordeni – eng kam ish haqining 45 baravari;
• “Mehnat Shuhrati” ordeni – eng kam ish haqining 40 baravari;
• 1-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni – eng kam ish haqining 40 baravari;
• 2-darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni – eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida;
• 1-darajali “Shon-sharaf” ordeni – eng kam ish haqining 40 baravari;
• 2-darajali “Shon-sharaf” ordeni – eng kam ish haqining 20 baravari;
• “Do‘stlik” ordeni – eng kam ish haqining 30 baravari;
• “Mardlik” ordeni – eng kam ish haqining 15 baravari;
• “Sodiq xizmatlari uchun” medali – eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida;
• “Kelajak bunyodkori” medali – eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida;
• “Jasorat” medali – eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida;
• “Shuhrat” medali – eng kam ish haqining 5 baravari miqdorida bir martalik mablag‘ to‘lanadi.
LiveBarchasi