Davlat xaridlari uchun xorijdan import qilish taqiqlangan tovar va xizmatlar ro‘yxati tasdiqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonga xorijda ishlab chiqariladigan 529 turdagi tovar va xizmatlarni davlat xaridlari sifatida import qilish taqiqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

Qarorga ko‘ra, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha vazifalar yuklandi. 

Shunga ko‘ra, vazirlik mahalliy ishlab chiqaruvchilar va davlat buyurtmachilari tomonidan ariza va murojaatlarni Elektron kooperatsiya portalida onlayn qabul qilib, natijalarini qayta yuborish aloqa mexanizmini nazarda tutuvchi elektron tizimni joriy etadi.

Qaror bilan tasdiqlangan davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtincha taqiqlangan va chegaralangan xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxatida 529 turdagi tovar va xizmatlar nomlari keltirilgan. 

Jumladan,

•    Oziq-ovqat mahsulotlaridan – shokolad, kungaboqar yog‘i, sut mahsulotlari, go‘sht vhkz;
•    Farmatsevtika mahsulotlaridan – dori vositalari va tibbiyot buyumlari;
•    Transport va uning ehtiyot qismlaridan – shinalar, ehtiyot qismlari;
•    Maishiy texnikalardan – konditsioner, muzlatkich, monitor, kir yuvish mashinasi, televizor vhkz;
•    Traktorlar, yengil va yuk avtomobillari vhkz.

Qarorga muvofiq davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) ro‘yxatini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga muvofiq, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ro‘yxatda keltirilmagan, biroq ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan tovarlarni ro‘yxatga kiritish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Elektron kooperatsiya portali markazi (Ishchi organ)ga www.cooperation.uz portali orqali ixtiyoriy ravishda murojaat etadi.

Ishchi organ murojaat kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kunida murojaat tegishli talablar asosida taqdim etilganligini tekshiradi.

Hujjatlar to‘liq taqdim etilgan taqdirda, Davlat statistika qo‘mitasiga tegishli ma’lumotlarni tasdiqlash uchun so‘rovnoma yuboriladi. Qo‘mita so‘rovnomani 5 ish kunida o‘rganib chiqadi. 

Ishchi organ so‘rovnoma natijasi kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kunida murojaatda keltirilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ro‘yxatga qo‘shish yoki ro‘yxatdan chiqarish taklifini tayyorlaydi va ko‘rib chiqish uchun tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga kiritadi.

Takliflar 15 ish kunida ko‘rib chiqiladi. 

Shunga ko‘ra, murojaatni ko‘rib chiqish yakuni bilan Ishchi organ tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda belgilangan tartibda kelishilgan tovarlarni ro‘yxatga qo‘shish yoki ro‘yxatdan chiqarish taklifini tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.


Maqola muallifi

Teglar

davlat xaridlari

Baholaganlar

185

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing