Davlat ekologiya qo‘mitasi G‘oyibnazarov ishi bo‘yicha munosabat bildirdi
Sport
−
10 yanvar 2023
16716Ijtimoiy tarmoqlarda Rio Olimpiadasi g‘olibi Fazliddin G‘oibnazarovning ovda ekani aks etgan video va suratlar tarqalgandi. Davlat ekologiya qo‘mitasi holat yuzasidan surishtiruv olib borganini ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, 2022 yilning 30 dekabr kuni Toshkent viloyati Bekobod tumani Sirdaryo sohilida fuqaro X.U. tomonidan qushlar ovlangan. Ushbu ovda sportchi F. G‘oyibnazarov ham ishtirok etgani va o‘ljalar bilan bevosita birgalikda video hamda rasmga tushgani o‘z tasdig‘ini topdi.
O‘rganishlar davomida ovni amalga oshirgan fuqaro X.U.ning ov qilishga tegishli hujjatlari mavjudligi, u ovchilik jamiyatidan ro‘yxatdan o‘tganligi aniqlangan.
“Biroq u ov jarayonida belgilangan me’yorlarga amal qilmagan holda ov qilish qoidalarini qo‘pol tarzda buzganligi va bu bilan tabiatga zarar yetkazganligi ma’lum bo‘ldi”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Qayd etilishicha, huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasiga asosan jarima va hayvonot olamiga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanib, ov qurollari Toshkent viloyati Bo‘ka tumani IIBga belgilangan tartibda topshirilgan.
Shuningdek, vaziyat yuzasidan barcha ishtirokchilardan bunday holat boshqa takrorlanmasligi to‘g‘risida tushuntirish xatlari olinib, profilaktik suhbat o‘tkazilgan.
LiveBarchasi