Davlat Dumasi chet elda yashovchi “xorijiy agentlarni” ta’qib qilmoqchi
Olam
−
18:01
974Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi chet elda yashayotgan “xorijiy agentlarni” jinoiy javobgarlikka tortish uchun qonunga o‘zgartirish kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Dumaning Xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi rahbari Vasiliy Piskaryov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Davlat Dumasining “Rossiya ichki ishlariga xorijiy davlatlarning aralashuvi faktlarini” tekshirish bo‘yicha komissiyasi parlamentning bahorgi sessiyasida “noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yish”ga qaratilgan qonun loyihalari paketini qabul qilish niyatida.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga xorijda yashayotgan “xorijiy agentlar”ni javobgarlikka tortish imkonini beruvchi o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilmoqda. Komissiya raisi Vasiliy Piskarevning so‘zlariga ko‘ra, e’lon qilingan paketdagi qonun loyihalarining bir qismi, “chet el agentlari”ning Rossiya ta’lim va ma’rifat tizimiga ta’sirini oldini olishga qaratilgan. Parlament a’zosi umumiy tafsilotlarni ma’lum qilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Adliya vazirligi “Sobesednik-Media” MCHJning mamlakatdagi so‘nggi mustaqil qog‘oz gazetasi “Sobesednik”ni “xorijiy agentlar” reyestriga kiritgandi. Vazirlik o‘z qarorini gazeta go‘yoki Rossiya Federatsiyasi davlat hokimiyati organlarining harakatlari va ularning siyosati to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlar, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari haqida salbiy imij yaratishga qaratilgan materiallarni tarqatganligi bilan izohlagan. “Sobesednik”ning ayblari qatorida muharrirning urushga qarshi pozitsiyasi va gazetaning “xorijiy agentlar” materiallarini keng ommaga tarqatishdagi ishtiroki ham sanab o‘tilgan.
LiveBarchasi