Davlat byudjetidan 1 trln 197 mlrd so‘m samarasiz ishlatilgan
Jamiyat
−
04 may 2019
5413Oliy Majlis Senati yalpi majlisining ikkinchi kunida Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari O. Rustamovning palataning 2018 yilgi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, Hisob palatasi 2018 yildagi faoliyatini nazorat tadbirlarida muammolarni aniqlash, sabablarini tahlil qilish, ularni hal etish va takliflar ishlab chiqish yo‘nalishida davom ettirgan.
Hisob palatasi tomonidan 2018 yilda 180 ta o‘rganish va nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Natijada byudjetga qo‘shimcha 4 trln. 722 mlrd. so‘mlik daromad manbalari aniqlangan. Bundan tashqari, 1 trln. 197 mlrd. so‘m va 74,2 mln. dollarlik moliyaviy xato-kamchiliklar va samarasiz xarajatlar aniqlangan.
Ma’ruzachi Davlat byudjeti xarajatlarining samaradorligi va qonuniyligi yuzasidan o‘rganishlar (audit) o‘tkazib borilganini ta’kidladi.
Ta’lim va tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘laridan samarali foydalanilishi o‘rganilganda, quyidagilar aniqlandi:
Misol uchun, 4 ta oliy ta’lim ob’ektlari qurilishida 1,9 mlrd. so‘mlik qo‘shib yozish va ishlarni sifatsiz bajarish kabi kamchiliklar aniqlandi.
Masalan, 2016-2017 yillarda rekonstruksiya qilingan Guliston davlat universitetining binosi bo‘yicha 2018 yil sentyabrda qayta hisob-kitob qilinib, 1,6 mlrd. so‘m ortiqcha to‘lov amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, Respublika yo‘l jamg‘armasi hisobidan chetdan xarid qilinib, pudratchilarga berilgan 19 mlrd. so‘mlik bitum qiymati moliyalashtirish davrida ushlab qolinmaganligi aniqlandi.
O‘rganishlarda 50 mlrd. so‘mga yaqin samarasiz xarajatlar, kamomad, qurilishda qo‘shib yozish kabi kamchiliklar aniqlandi.
LiveBarchasi