Davlat byudjetidan 1,1 trillion so‘m noqonuniy xarajatlar qilingan – Hisob palatasi

Jamiyat

image

Bugun, 11 may kuni Oliy Majlis Senatining to‘rtinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2019 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, davlat byudjetiga qo‘shimcha 2,7 trln so‘mlik daromad manbalari aniqlanib, belgilangan qo‘shimcha daromad manbalarining hududlar bo‘yicha to‘liq ta’minlanishida amaliy yordam ko‘rsatilgan. Byudjet mablag‘laridan 1,1 trln so‘mlik noqonuniy va samarasiz xarajatlar aniqlanib, shundan 150 mlrd so‘mi bartaraf etilishi ta’minlangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlari,  oliy darajadagi tashriflar yakuni bo‘yicha erishilgan 4 mingdan ziyod qariyb 130 mlrd AQSH dollari qiymatidagi kelishuvlar amalga oshirilishi yuzasidan nazorat olib borilgan.

Hisobot yilida qator korxona va muassasalar tomonidan davlat xaridlariga oid qonun hujjatlariga rioya etmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma orqali 19,9 mlrd so‘m ortiqcha sarflanganligi, import xajmi 24,9 foizga ortib ketganligi, tashqi savdoda manfiy qoldiq deyarli 7 mlrd dollarga yetganligi aniqlangan.

Shu bilan birga, Hisob palatasi tomonidan 2019 yil Investitsiya dasturiga muvofiq 72,6 mlrd dollar qiymatidagi 3 mingdan ziyod loyiha, hududiy dasturlar asosida belgilangan 29,9 mlrd dollarlik 12 mingdan ortiq investitsiya loyihasining amalga oshirilishi ustidan nazorat o‘rnatilgan.

Majlisda senatorlar tomonidan Hisob palatasining faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalar bildirildi.

Qayd etilishicha, Senat bilan hamkorlikda byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar tushumlarining to‘liqligini tizimli ravishda o‘rganib borish va daromadlarni ko‘paytirish zahiralarini aniqlashda zamonaviy axborot texnologiyalarini keng qo‘llagan holda masofaviy nazoratni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.

Ta’kidlanishicha, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatda Davlat byudjeti parametrlarini muvozanatlashgan holda qayta ko‘rib chiqilishi va ijro etilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatishi zarur.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Senat

Baholaganlar

164

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing