Davlat boshqaruvida yagona raqamli platforma joriy etiladi
Jamiyat
−
17:18 1164 2 daqiqa
O‘zbekistonda davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasi bosqichma-bosqich joriy etilishi mumkin. Bu haqda bugun, 7 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini joriy etish, startaplar ekotizimini rivojlantirish hamda telekommunikatsiya sohasida tadbirkorlik muhitini yaxshilash yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston BMTning “Elektron hukumat” reytingida 24 pog‘ona yuqorilagan. 2030 yilga qadar mamlakatni ushbu yo‘nalishda kuchli 30 ta davlat qatoriga kiritish maqsad qilingan.
Joriy yilda raqamli xizmatlar soni 880 taga, ulardan foydalanuvchilar soni esa 15,5 million nafarga yetishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, 2024 yilda raqamli xizmatlar soni 525 ta, foydalanuvchilar soni 4 million nafar bo‘lgan.
Qolaversa, davlat boshqaruvida ma’lumotlar bazalari va axborot tizimlari turli idoralar kesimida tarqoq holda shakllangani, ularni tahlil qilish va qaror qabul qilish jarayonlarida yagona yondashuv yetishmayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu bois, davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini bosqichma-bosqich joriy etish taklif qilingan. Mazkur tizim orqali hudud iqtisodiyoti, investitsiya, ekologiya, xavfsizlik masalalari, aholini qiynayotgan muammolar, mahallalarning farovonlik darajasi, fazoviy ma’lumotlar, ob’ektlar va xarita qatlamlari yagona platformada aks ettiriladi.
Platforma sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ma’lumotlarni tahlil qilish, hududlar kesimida muammolarni barvaqt aniqlash, qarorlar ijrosini monitoring qilish, resurslarni to‘g‘ri yo‘naltirish va boshqaruv samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Davlat rahbari joriy yilda ushbu raqamli boshqaruv tizimini poytaxtda, kelgusi yildan esa barcha hududlarda joriy qilish zarurligini ta’kidlagan.
Taqdimotda tovar va xizmatlarni yagona milliy tasniflash tizimini ishga tushirish masalasi ham ko‘rib chiqilgan. Hozirda bojxona, soliq, statistika va boshqa idoralar turli tovar klassifikatorlaridan foydalanmoqda. Bu esa biznes xarajatlarining ortishi, hisobotlar aniqligi pasayishi va idoralararo ma’lumot almashinuvida qiyinchiliklarga sabab bo‘lmoqda.
Yagona milliy tasniflash tizimi joriy etilsa, tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik jarayonlar qisqaradi, davlat idoralari o‘rtasida ma’lumot almashinuvi soddalashadi, statistik hisobotlarning aniqligi oshadi.
Shuningdek, milliy navigatsiya tizimini yaratish taklifi bildirilgan. Bugungi kunda mamlakatda mazkur yo‘nalishda asosan xorijiy platformalardan foydalanilayotgani qayd etilgan. Milliy navigatsiya tizimi geoma’lumotlarni yagona standart asosida shakllantirish, transport, logistika, tezkor xizmatlar, shaharsozlik va davlat xizmatlarini sifatli tashkil etishga xizmat qiladi.
Live
Barchasi