Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘zgardi
Jamiyat
−
22 dekabr 2020
9137Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari Sunnatulla Bekenov lavozimdan ozod etilib, agentlikka yangi rahbar tayinlandi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Akmalxon Ortiqov Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori etib tayinlangan. Bu haqda QALAMPIR.UZ`ning Hukumatdagi manbasi xabar berdi.
Akmalxon Ortiqov 1980 yilda Namangan viloyatining Chortoq tumanida tug‘ilgan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.
2001–2013-yillarda O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirligi tizimida, 2013–2015-yillarda Namangan viloyat hokimligi moliya boshqarmasi, 2015—2017 yillarda Farg‘ona viloyati hokimligi moliya boshqarmasi boshlig‘i, 2017 yilda Namangan viloyati hokimining iqtisodiy islohotlar va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
2017–2018-yillarda Iqtisodiyot vazirining demografiya, ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholini turmush darajasini oshirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 2018–2019-yilgacha Farg‘ona viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2019–2020-yillarda Vazirlar Mahkamasi Makroiqtisodiy tahlil, tarkibiy o‘zgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalari kotibiyatining mudiri lavozimida faoliyat yuritgan.
Akmalxon Ortiqov 2020 yilning martidan buyon Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
Ma’lumot uchun, Markaziy raisi o‘rinbosari Saidqahhor Xolxo‘jayev Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi.
LiveBarchasi