Maktablarda dars soatlari 45 daqiqadan 30 daqiqaga qisqarishi mumkin
Jamiyat
−
25 avgust 2020
15340Maktablarda darslar 45 daqiqadan emas, 30 daqiqadan o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori o‘rinbosari Bahrom Almatov matbuot anjumani vaqtida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda QALAMPIR.UZ muxbiri.
Almatovning so‘zlariga ko‘ra, bolalarning virus tarqatuvchi bo‘lmasligiga alohida e’tibor beriladi.
“Koronavirus bolalarda ancha yengil o‘tadi. Aksariyat holatlarda belgisiz bo‘lishi ham mumkin. Lekin maktablarda bolalar kasallik tarqatuvchi bo‘lib qolishi ehtimoli bor. Buning oldini olish uchun o‘quv yilini boshlash bo‘yicha me’yoriy hujjat ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, o‘quv yilini boshlashdan oldin maktablarning tayyorgarlik jarayoni o‘rganiladi. Har bir sinfxonani shamollatish imkoniyati yaratiladi. Bino oldi va sinfxonalarda antiseptik dezinfeksiya vositalari o‘rnatiladi. O‘qituvchilar, maktab xodimlari maxsus tayyorgarlikdan o‘tkaziladi. O‘quvchilar maktabda tibbiy niqobda bo‘lishi shart”, dedi Bahrom Almatov.
Darslar davomiyligini 30 daqiqaga o‘tkazishni tavsiya qilyapmiz. Bundan tashqari, maktablarda o‘quv vaqti 8:00 dan 15:00 gacha davom etishi, bir sinf o‘quvchilari boshqasi bilan muloqot qilmasligi, aralashib ketmasligiga e’tibor qaratish kerak bo‘ladi.
Maktabda ommaviy tadbirlar o‘tkazish mumkin emas. Oshxonalar ishlashiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bino hududiga begonalar kirishi taqiqlanadi.
LiveBarchasi