Dard ustiga chipqon: Afg‘onistonda 400 kishi suv toshqinida halok bo‘ldi
Olam
−
23 iyun 2022
11082So‘nggi kunlarda Afg‘onistonning turli hududlarida suv va sel toshqinlari sodir bo‘lmoqda. Buning oqibatida hozirgacha kamida 400 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “ToloNews” telekanali xabar berdi.
“Afg‘oniston bo‘ylab sodir bo‘lgan suv toshqinlari oqibatida kamida 400 kishi halok bo‘ldi”, deyiladi telekanal xabarida.
Qayd etilishicha, so‘nggi bir necha kun ichida Afg‘onistonning ko‘plab Qobul, Panjshir, Xost, Paktiya, Nangarhor va boshqa viloyatlarda kuchli yomg‘ir tufayli suv toshqinlari yuz bergan.
“Jabrlanganlar shifoxonalarga yetkazildi. Uylari toshqindan zarar ko‘rgan odamlar evakuatsiya qilindi, ularga chodirlar berildi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, toshqin yuzlab gektar yerlarga zarar yetkazgan, ayrim hududlar hamon suv ostida qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 iyun kuni Toshkent vaqti bilan 01:55 atrofida Afg‘onistonda zilzila sodir bo‘lgandi va bu O‘zbekistonning to‘rtta viloyatida ham sezilgandi.
Afg‘onistonning sharqiy qismida yuz bergan zilzila oqibatida avvaliga 255 kishi halok bo‘lgani, kamida 150 kishi jarohat olgani haqida ma’lum qilindi. Keyinchalik esa qurbonlar soni 1000 nafardan ortib ketdi, jarohatlanganlar esa 610 kishiga yetdi.
Mamlakatni boshqarayotgan "Tolibon" harakati rahbari Haybatulloh Oxundzoda Xost va Paktika viloyatlarida yuz bergan zilzila munosabati bilan xalqaro tuzilmalardan yordam so‘radi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi zilzilaga munosabat bildirib, rasmiy Toshkent Afg‘onistonga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda yordam berishga tayyorligini e’lon qildi.
Shuningdek, “Tolibon” Paktika va Xost viloyatlarida zilzila qurbonlariga yordam berish uchun 1 milliard afg‘oni (taxminan 11 million dollar) ajratishini ma’lum qildi.
LiveBarchasi