Dard ustiga chipqon: Hindistonda koronavirus fonida “qora mog‘or” epidemiyasi tarqaldi
Olam
−
09 may 2021
18639Hindistonda yangi koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq qiyin vaziyat fonida mukormikoz epidemiyasi qayd etildi. Bu haqda "India Times" Hukumat ma’lumotlariga tayanib xabar bergan.
"Qora mog‘or" deb nomlangan noyob zamburug‘ infeksiyasi ko‘pincha koronavirusga chalingan yoki COVID-19 dan tuzalib ketgan bemorlarda aniqlanmoqda.
Ta’kidlanishicha, Hindistonning Gujarat shtatida kasallik avj olgan, u yerda hozirgacha 100 dan ortiq mukormikoz holati qayd etilgan.
Bundan tashqari, qo‘shni Maharashtra shtatida zamburug‘ infeksiyasining yuzlab holatlari aniqlangan, u yerda sakkizta COVID-19 kasallari "qora mog‘or" yuqtirgani sababli bir ko‘zi ko‘r bo‘lib qolgan va yana 200 kishi undan davolanmoqda.
Ayni paytda Ahmadobad fuqarolik shifoxonasida ushbu infeksiya bilan kasallanganlarni davolash uchun har biri 60 o‘rinli ikkita alohida bo‘lim tashkil etilgan, boshqa shifoxonalarda ham shu kabi bo‘limlarni yaratish rejalashtirilgan.
Rasmiylar kasallikni davolash uchun 5000 flakon dori sotib olgan.
Eslatib o‘tamiz, Hindistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha antirekordlar o‘rnatilmoqda. 7 may kuni mamlakatda bir kunda 414,1 mingta yangi holat aniqlangandi.
LiveBarchasi