Kurs UZS

USD

12 909.19

-20.18

EUR

13 935.47

-28.25

RUB

153.30

0.43

Daniya ham Ukrainaga qo‘shin yuborishni ma’qulladi

Olam

image

Daniya hukumati va parlamenti Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar jo‘natish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen va Bosh vazir o‘rinbosari, Mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen ma’lum qildi.

Ularning aytishicha, hukumat tashabbusi parlamentdagi keng ko‘lamli partiyalar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

“Biz Yevropada to‘g‘ri signallarni yuborishimiz kerak – Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham, Vashington ham buni anglashi lozim. Bugun biz aynan shuni qilmoqdamiz – agar o‘t ochishni to‘xtatish yoki tinchlik kelishuvi Yevropa ishtirokini talab qilsa, Daniya bunga tayyor”, dedi Rasmussen.

Poulsen esa hozircha aniq majburiyatlar haqida gapirishga erta ekanini, bu kelgusi vaziyatlarga bog‘liq bo‘lishini ta’kidlagan. Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, tinchlikparvar kuchlar NATO doirasida emas, balki ayrim davlatlar tashabbusi bilan tashkil etiladi.

“Fransiya va Britaniya hozircha ehtiyojlar bo‘yicha tushuncha hosil qilish uchun tashabbusni qo‘lga oldi”, dedi Poulsen.

Ma’lumot uchun, Yevropa mamlakatlari o‘z qo‘shinlarini Ukrainada joylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu xavfsizlik kafolati sifatida qaralmoqda va mazkur amaliyot urush yakunlangandan keyin, Rossiya bilan tinchlik shartnomasi imzolangach amalga oshirilishi kutilmoqda. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bunday tashabbusga AQSH ko‘mak bersa, tayyor ekanliklarini bildirgan. Starmer Ukrainaga harbiy aviatsiya ham jo‘natmoqchi. Uning aytishicha, tinchlikparvar missiyaga 18 ta davlat qo‘shilishga tayyorligini bildirgan. Kanada, Avstraliya, Turkiya, Litva va Latviya ham bu masalani muhokama qilgan. 

Biroq Germaniya, Italiya, Ispaniya va Polsha o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga jo‘natish rejalariga qarshi chiqmoqda. Polsha Bosh vaziri Donald Tusk bu haqda ochiq bayonot bergan, biroq Kiyevga logistik, moliyaviy, gumanitar va harbiy yordamni davom ettirishga va’da bergan. AQSH Prezidenti Donald Tramp tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan, ammo faqat Yevropa mamlakatlari o‘z xavfsizligi uchun o‘zlari javob berishi kerakligi haqida gapirib, Amerika askarlari bu missiyada ishtirok etmasligini ta’kidlagan.

Ayni paytda Yevropa Ukrainada 30 minggacha tinchlikparvar harbiy joylashtirish imkoniyatini muhokama qilmoqda. “The Washington Post” ma’lumotlariga ko‘ra, bu qo‘shinlar to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab joylashtirilmaydi, lekin Rossiya harbiy harakatlarni qayta boshlagan taqdirda aralashishga tayyor turadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze Avstraliya Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada va boshqa davlatlarga qo‘shilib, Rossiya bilan tinchlik kelishuvidan so‘ng Ukrainaga tinchlikparvar kuchlari yuborishi mumkinligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumati avvalgi pozitsiyasini o‘zgartirib, endilikda ko‘p millatli tinchlikparvar kuchlar tarkibida Ukrainaga qo‘shin yuborish bo‘yicha har qanday taklifni ko‘rib chiqishga tayyor bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina qo'shin Daniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing