Damashqda komendantlik soati joriy qilindi

Olam

image

Suriya qurolli muxolifat qo‘mondonlari Damashqda mahalliy vaqt bilan soat 16:00 dan boshlab ertalab soat 5:00 gacha davom etadigan komendantlik soati joriy etdi. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.

Harbiy operatsiyalar boshqarmasi komendantlik soati sababini aytmagan. Komendantlik soati qancha davom etishi ham aniq emas.

Yaqin kunlarda Damashq hududida muxolifat kuchlari tomonidan qo‘shimcha xavfsizlik choralari qo‘llanishi mumkin. Komendantlik soati va davomiyligi ham qisqa vaqt ichida o‘zgartirilishi mumkin.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Suriyaning Damashq va Halab shaharlaridagi ikkita yirik aeroport 18 dekabrga qadar o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

Bugun, 8 dekabr kuni “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi boshchiligidagi isyonchi kuchlar Suriya poytaxti Damashqqa kirdi va mamlakat rahbari Bashar Asad rejimi ag‘darilganini e’lon qildi. Mahalliy aholi AFP agentligiga shaharda kuchli otishma ovozlari haqida ma’lum qilgan. Isyonchilar koalitsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda Asad qochib ketgani va mamlakat poytaxti ozod qilinganini e’lon qilgan. Suriya armiyasining ikki yuqori martabali zobiti “Reuters” agentligiga mamlakat prezidenti Bashar Asad Damashqdan noma’lum tomonga jo‘nab ketgani haqida xabar bergan. Bu haqda avvalroq CNN tarqatgan ma’lumotni Suriya Inson huquqlari observatoriyasi ham tasdiqlagan. Tashkilot rahbari Rami Abdel Rahmonga ko‘ra, Asad Damashq xalqaro aeroportidan uchib ketgan. “Reuters”ga ko‘ra, Bashar Asad samolyot halokatida vafot etgan bo‘lishi mumkin.

Suriya bosh vaziri Muhammad G‘ozi al-Jaloliy Facebook’da e’lon qilingan videoda hukumat vakolatlarini Suriya xalqi tomonidan ma’qullangan har qanday rahbariyatga topshirishga tayyorligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Suriyadagi so‘nggi voqealarga munosabat bildirgandi. Unga ko‘ra, Suriya prezidenti Bashar Asad va qurolli mojaro ishtirokchilari o‘rtasidagi muzokaralar tufayli u hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib, prezidentlik lavozimini tark etishga qaror qilgan va mamlakatni tark etgan. Rossiya bu muzokaralarda ishtirok etmagan. Vazirlikning Damashq qurolli mojaro vakillari tomonidan bosib olinganidan keyin bergan bayonotida Rossiya Suriyadagi muxolif guruhlarning barcha a’zolari bilan aloqada ekani ma’lum qilingan. Shuningdek, Suriyadagi Rossiya fuqarolarini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Rossiya tomoni, shu bilan birga, Suriya jamiyatining barcha etno-konfessional kuchlarining fikrlarini hurmat qilishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Bashar Asad komendantlik soati muxolifat Damashq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing