Damashqda fond birjasi qayta ochildi

Olam

image

Suriya poytaxti Damashqda fond birjasini qayta ochdi. Bu haqda Suriya axborot agentligi xabar berdi.

Ochilish marosimida Suriyaning yangi ma’muriyati iqtisodiyot va sanoat vaziri Nidal Shaar, aloqa va axborot texnologiyalari vaziri Abdussalom Xaykal, moliya vaziri Muhammad Yusr Berniye, Markaziy bank gubernatori Abdelqodir Hasriye va bir qancha kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Ochilishda so‘zga chiqqan moliya vaziri Berniye birjaning qayta ochilishi mamlakatda iqtisodiy tiklanish boshlanganidan dalolat ekanini aytdi.

Uning qayd etishicha, Damashq fond birjasi xususiy kompaniya sifatida faoliyat yuritadi, haqiqiy iqtisodiy markazga aylanadi va raqamli transformatsiyaga moslashadi. Berniyening ta’kidlashicha, ularning iqtisodiy qarashlari adolat, tenglik, xususiy sektor yetakchiligi va sarmoyani jalb qilishga asoslangan.

“Biz biznes muhitini soddalashtirish ustida ishlaymiz. Bizda istiqbolli sarmoyaviy istiqbollar bor”, dedi u.

Shuningdek, u birja xususiy sektor uchun raqobatchi bo‘lib qolmasligini, aksincha, birlashtiruvchi va qo‘llab-quvvatlovchi rol o‘ynashini qo‘shimcha qildi. Vazirning ta’kidlashicha, joriy ochilish faqat sinov bosqichi bo‘lib, to‘liq ishga tushirish fond bozori, investitsiyalar va kompaniyalar faoliyatini tartibga soluvchi tegishli qonunlar qabul qilingandan keyin amalga oshiriladi. Marosim yakunida Berniye va boshqa rasmiylar birgalikda ochilish qo‘ng‘irog‘ini urib, ramziy ma’noda ochilishni nishonladilar.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Suriyaga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlash va “unga ikkinchi imkoniyat berish”ga va’da bergandi. Uning aytishicha, bu cheklovlar “qat’iy va falokat darajasida” bo‘lgan, ammo o‘z vazifasini bajargan.

Keyinroq esa Donald Tramp Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan shaxsan uchrashdi. Uchrashuvda Tramp yana bir bor AQSHning Suriya bo‘yicha sanksiyalarni bekor qilishini e’lon qilgan. O‘tgan oy oxirida Yevropa Ittifoqi kengashi ham Suriyaga nisbatan qo‘llanilgan barcha iqtisodiy cheklov choralarini (faqat xavfsizlik bilan bog‘liq sanksiyalar bundan mustasno) bekor qilish to‘g‘risida yuridik hujjatlarni qabul qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Damashq fond birjasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing