YeI Suriyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni bekor qildi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi kengashi Suriyaga nisbatan qo‘llanilgan barcha iqtisodiy cheklov choralarini (faqat xavfsizlik bilan bog‘liq sanksiyalar bundan mustasno) bekor qilish to‘g‘risida yuridik hujjatlarni qabul qildi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi kengashining rasmiy saytida e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu qaror 2025 yilning 20 may kuni e’lon qilingan siyosiy kelishuvni rasman kuchga kiritadi hamda Suriya xalqini birlashtirish va yangicha, inklyuziv, tinch davlat qurish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Shuningdek, kengash tomonidan Suriyaga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar ro‘yxatidan 24 ta yuridik shaxs – banklar, neft ishlab chiqarish va qayta ishlash, paxta sanoati hamda telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar va ommaviy axborot vositalari chiqarib tashlangan. Bu qaror Suriyaning iqtisodiy tiklanishini qo‘llab-quvvatlashning bir qismi sifatida qabul qilingan.

Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ushbu qarorni Suriyaning tiklanishi uchun “tarixiy” deb atagan.

“Bugungi tarixiy qaror Suriyaning qayta tiklanishiga haqiqiy yordam ko‘rsatish va barcha suriyaliklar orzusidagi siyosiy o‘tish jarayonini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi to‘g‘ri qadamdir. YeI so‘nggi 14 yil davomida Suriya xalqining yonida bo‘ldi va bu yondashuvini davom ettiradi. Bugun YeI o‘zining Suriyaning inklyuziv va tinch kelajagini barpo etishga tayyor sherik ekanini yana bir bor tasdiqlamoqda”, degan Kallas.

Shu bilan birga, YeI Kengashi Suriyadagi siyosiy o‘tish jarayoniga sodiqligini bildirgan holda, Bashar Asad rejimi bilan bog‘liq ayrim shaxslar va tashkilotlarga nisbatan sanksiyalarni 2026 yil 1 iyungacha uzaytirgan.

Qolaversa, joriy yilning mart oyida Suriyaning sohilbo‘yi hududlarida sodir bo‘lgan zo‘ravonliklar munosabati bilan, YeI Global inson huquqlari sanksiyalari rejimi doirasida ikki nafar shaxs va uchta tashkilotga nisbatan yangi cheklov choralarini joriy etgan. Ular inson huquqlarini jiddiy ravishda buzganlikda ayblanmoqda.

Bildirilishicha, YeI kengashi Suriyadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etadi va inson huquqlarini buzayotgan yoki mamlakatdagi beqarorlikni kuchaytirayotgan tomonlarga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilishga tayyor.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Suriyaga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlash va “unga ikkinchi imkoniyat berish”ga va’da bergandi. Uning aytishicha, bu cheklovlar “qat’iy va falokat darajasida” bo‘lgan, ammo o‘z vazifasini bajargan.

Keyinroq esa Donald Tramp Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan shaxsan uchrashdi. Uchrashuvda Tramp yana bir bor AQSHning Suriya bo‘yicha sanksiyalarni bekor qilishini e’lon qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Evropa Ittifoqi sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing