Dam olish kunlari qanday ob-havo kuzatilishi aytildi
Bu qiziq
−
31 mart 2023
12442Dam olish kunlari O‘zbekiston bo‘ylab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq kuzatiladi. Ayrim hududlarda do‘l yog‘ishi mumkin. Faqat sharqiy hududlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Bu haqda Respublika Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.
Bugun, 31 mart hamda ertaga 1 aprel kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida bugun kunduz kuni ba’zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘adi. Kunduzgi havo harorati 20-25 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
Yakshanba, 2 aprel kuni respublika hududiga Kaspiy dengizining janubiy hududlaridan siklon kirib kelishi kutilmoqda. Buning hisobiga nam havo massalari kirib keladi. O‘zbekiston hududi bo‘yicha ba’zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘adi. Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Respublikaning ayrim hududlarida do‘l yog‘ishi mumkin. Faqat sharqiy hududlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.
1-2 aprelda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha, respublika shimolida va cho‘l hududlarida 22-25 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.
31 mart va 2 aprelda tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Poytaxt Toshkent shahrida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Shamol 3-8 m/s tezlikda esadi. Havo harorati 24-27 daraja iliq bo‘ladi.
LiveBarchasi