Dahshatli qotillik qurboni bo‘lgan Sayyora uchun g‘oyibona janoza o‘qildi
Jamiyat
−
27 fevral 40221 3 daqiqa
Turkiyaning Istanbul shahri Umroniya tumanidagi uylardan birida o‘ldirilgan o‘zbekistonlik Sayyora Ergashaliyeva uchun g‘oyibona janoza namozi o‘qildi. Bu haqda Turkiya mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Kecha, 26 fevral kuni Shishli tumanidagi Fulya mahallasi masjidida o‘qilgan janoza namozida Sayyoraning otasi Bahrom Bo‘stonov, onasi Sohiba Bo‘stonova, O‘zbekiston xotin-qizlar huquqlari jamiyati raisi Ozoda Islomova va mahalla ahli ishtirok etgan.
Marosimida so‘zga chiqqan Sayyoraning otasi Bahrom Bo‘stonov va onasi Sohiba Bo‘stonova Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga minnatdorlik bildirgan.
“Qizimizning ruhi shod bo‘lsin. Biz Turkiya Respublikasiga, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga, jinoyatni ochishga harakat qilayotgan Adliya vazirligiga va turk adolatiga ishonamiz. Biz qotillar eng og‘ir jazoga tortilishini istaymiz. Qizimizning g‘oyibona janozasini o‘qigan Turkiya Respublikasiga, muftiyatga, do‘stlarimizga, ustozlarimizga katta rahmat. Qidiruv ishlari davom etmoqda. Ishlar yakunlangach, o‘lim haqida e’lon beriladi”, degan u.
Sayyoraning vafoti
Joriy yilning 24 yanvar kuni Istanbulning Shishli tumani Kuyulubog‘ ko‘chasidagi chiqindi qutisidan 37 yashar o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning bo‘laklangan jasadi topildi.
Kamera yozuvlari va guvohlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, hodisa joyidagi axlat konteyneriga qoramtir kiyimdagi, soqolli ikki erkak och rangli chamadon bilan kelgani, keyin yana chamadon bilan piyoda ko‘chadan chiqib ketgani, gumonlanuvchilar chamadonni hodisa joyiga yaqin bo‘lgan Bozkurt ko‘chasi tomon tashlab ketgani aniqlangan.
Istanbul politsiyasi Istanbul aeroportida Gruziyaga qochmoqchi bo‘lgan paytda ikki nafar qotillikda gumonlanuvchini qo‘lga olgan. Ularning ikkalasi ham O‘zbekiston fuqarolari ekani ma’lum bo‘lgan. Razvedka bo‘limi va Qotillik bo‘limi tomonidan bir necha soat ichida ushlangan gumonlanuvchilardan biri qotillikni bevosita sodir etgan, ikkinchisi esa yordam bergani aniqlangan. Shuningdek, gumonlanuvchilar foydalangan taksini boshqargan shaxs ham qo‘lga olingan. Shu tariqa ish bo‘yicha hibsga olinganlar soni 3 nafarga yetgan.
Fevral oyiga kelib, mazkur ish doirasida olib borilgan surishtiruvlar natijasida Durdona Hakimova o‘ldirilgan Umroniyadagi uyda yana bir o‘zbekistonlik ayol – Sayyora Ergashaliyeva ham bo‘laklab o‘ldirilgani aniqlandi.
Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avval Durdona Hakimovaning o‘limi bilan bog‘liq hodisadan so‘ng bedarak yo‘qolgan deb topilgan fuqaro 1994 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan Sayyora Ergashaliyevaning aynan Durdona Hkamiova qotilligida gumonlanayotgan shaxslar tomonidan o‘ldirilgani aniqlangan. Sayyora Ergashaliyeva Durdona Hakimovaning yaqin dugonasi bo‘lgan.
23 yanvar kuni gumonlanuvchilar T.D. va G‘.K. o‘zaro til biriktirgan va Ergashaliyevani avval pichoq bilan o‘ldirib, jasadni bo‘laklab, Fotih tumanidagi axlat qutilariga tashlagan. 24 yanvar kuni qotillar Ergashaliyevaning telefonidan Hakimovaga SMS xabar yuborib, uni ham chaqirib, Ergashaliyeva singari uni ham pichoq bilan o‘ldirib, tanani bir nechta qismlarga bo‘lib, Shishli tumanidagi chiqindi qutilariga tashlagan.
Hozirgacha Ergashaliyevaning jasadi topilmagan.
Live
Barchasi