Covid’dan keyin Xitoy iqtisodiyotini kutilganidan tezroq tiklab oldi

Olam

image

Xitoy iqtisodiyoti koronavirus pandemiyasi sabab o‘rnatilgan cheklovlardan keyin kutilganidan ko‘ra tezroq tiklanayotgani ma’lum qilindi. Bu haqda Xitoy Milliy statistika byurosi xabar berdi

Qayd etilishicha, mamlakatning chakana sektorida ko‘tarilish kuzatilgani ortidan dastlabki chorakdagi o‘sish sur’atlari tahlilchilarning prognozlariga nisbatan yuqori bo‘lgan. 

O‘tgan yili mamlakatdagi COVID-19 cheklovlari yumshatilganidan so‘ng iste’mol xarajatlari o‘sdi va bu miqdor 2022 yilning mos davridagi ko‘rsatkichlardan oshib ketdi. 

Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan 4,5 foizga o‘sgan va bu 4 foizlik o‘sish prognozidan yuqori hisoblanadi. 

Xitoyda chakana savdo hajmi mart oyida 10,6 foizlik o‘sishni namoyish qilib, ikki yil ichidagi eng katta o‘sishga erishdi. Bu miqdor avvalgi kutilmalardan deyarli ikki baravar yuqori. Xuddi shu vaqt ichida mamlakat sanoatining ishlab chiqarish hajmi ham 3,9 foizga o‘sdi. Bu so‘nggi besh oy ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. 

Tahlilchilar birinchi chorakdagi o‘sish ularning optimistik prognozlaridan ham yuqori bo‘lganini e’tirof etmoqda. Shuningdek, yillik o‘sish miqdori ham Xitoy hukumati maqsad qilgan 5 foizlik ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lib, 6 foizga yetishi taxmin qilinyapti. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida Xitoyning pandemiya bo‘yicha siyosati bir muncha yumshagani ma’lum qilingandi. Shuningdek, yaqinda Xitoy oldida qarzdorligi eng yuqori mamlakatlar ro‘yxati ochiqlandi.


Maqola muallifi

Teglar

iqtisodiyot Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing