Xitoyning COVID’ga qarshi siyosati o‘zgardi

Olam

image

Bugun, 7 dekabr kuni Xitoy COVID’ning yengil asoratlari aniqlangan bemorlarga uyda qolib davolanishga ruxsat berdi. Bu mamlakatda yuz bergan norozilik namoyishlari fonida COVID’ga qarshi siyosatda katta o‘zgarish bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, xitoyliklar mintaqalararo sayohatda COVID’ga qarshi salbiy testni ko‘rsatishi shartligi to‘g‘risidagi talab ham olib tashlangan. Bu esa 2019 yildan beri koronavirus cheklovlari ichida yashab kelayotgan Xitoy iqtisodiyotining qayta ochilayotganini bildirishi mumkin. 

“Siyosatning bunday o‘zgarishi oldinga qo‘yilgan katta qadamdir. Men Xitoy o‘z chegarasini 2023 yil o‘rtalaridan kechiktirmay to‘liq qayta ochadi, deb umid qilaman”, deydi “Pinpoint Asset Management”ning bosh iqtisodchisi Chjan Chjivey.

Joriy yilning noyabr oyi oxirida Xitoy shaharlari bo‘ylab, qattiq COVID siyosatiga qarshi noroziliklar namoyishlari o‘tkazildi. Bu Si Szinpin 2012 yilda hokimiyatga kelganidan beri eng katta norozilik namoyishi edi. Ushbu namoyishlar politsiyaning ishtirokida bir necha kun davom etdi.

COVID cheklovlari yengillashgach, xitoyliklar profilaktika dori-darmonlarini sotib olishga shoshila boshladi. Ayniqsa, emlanmagan qariyalar o‘zini koronavirusdan himoyasiz his qiladi. Dori-darmonlarga bo‘lgan talabning keskin oshishi natijasida narx-navo juda yuqorilab ketgan. Odamlardan dorini oqilona va ehtiyojlariga qarab, xarid qilish so‘ralgan. 

Eslatib o‘tamiz, Xitoydagi norozilik namoyishlari Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyatining Urumchi shahridagi turar-joy binosida sodir bo‘lgan yong‘indan keyin boshlangan edi. 24 noyabr oqshomida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida kamida o‘n kishi halok bo‘lgan, yana to‘qqiz kishi jarohatlangan. Guvohlarning qayd etishicha, cheklov choralari tufayli xonadonlarning eshiklari to‘sib qo‘yilganligi oqibatida odamlar yong‘indan qochib qutula olmagan. Xitoy hukumati esa bu ma’lumotni rad etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Si Tszin'pin

Baholaganlar

189

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing