COVID-19 pandemiyasining sabablari hali ham noma’lum – JSST

Olam

image

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tuzilgan ekspertlar guruhi COVID-19 pandemiyasi qanday boshlanganini aniqlay olmadi. Bu haqdagi hisobot tashkilotning saytida e’lon qilindi.

Ushbu hisobotni tuzgan guruh rahbari Mariyetjiye Venterga ko‘ra, mavjud ilmiy dalillar virusning hayvonlardan odamlarga o‘tganini ko‘rsatadi – bu xulosa JSST tomonidan ilk marotaba 2021 yilda aytilgan edi.

O‘shanda virusning ehtimoliy manbai sifatida hayvonlar laboratoriyadan chiqib ketgan degan taxmin “nihoyatda ehtimoldan yiroq” deb baholangandi. Biroq uch yillik izlanishlar davomida JSST guruhi Xitoydan zaruriy ma’lumotlarni, xususan, genetik ketma-ketliklar va biologik xavfsizlik choralariga oid tafsilotlarni ololmagan. Shuning uchun laboratoriya versiyasi to‘liq tekshirilmagan va isbot qilinmagan yoki rad etilmagan.

Venterning ta’kidlashicha, bu nazariya ko‘proq siyosiy qarashlarga tayanadi, ilmiy asosga ega emas. 27 nafar olimdan iborat guruh yakdil fikrga kelmagan. Ulardan biri hisobot chiqarilishidan oldin tark etgan, uch kishi esa ismini hujjatdan chiqarishni so‘ragan.

Ushbu xulosalar asosida laboratoriya manipulyatsiyalari bo‘lganiga dalillar topilmagan, shuningdek, 2019 yilning dekabridan avval virusning boshqa mamlakatlarda tarqalgani haqida ham ishonchli ma’lumot yo‘q.

JSST rahbari Tedros Gebreisus koronavirus manbasini aniqlashni “axloqiy burch” deb atagan. Chunki COVID-19 20 milliondan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lib, dunyo iqtisodiyotiga 10 trillion dollarlik zarar yetkazdi. 

2020 yilning boshlarida Xitoy hukumati virus kelib chiqishini o‘rganish bo‘yicha ichki va xalqaro tadqiqotlarni to‘xtatib qo‘ygandi, JSST esa imkoniyatlarni qo‘ldan boy bergandi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp virusni Xitoy laboratoriyasidan chiqqan deb hisoblagan ammo, razvedka idoralari bu taxminni tasdiqlovchi dalillar topmagan. Xitoy rasmiylari esa bunga qat’iy rad javobi berib, izlanishlar boshqa davlatlarda ham o‘tkazilishi kerakligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

JSST Tramp COVID-19 Tedros Gebreisus Marietjie Venter

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing