“Hammasiga Xitoy aybdor”. Oq uy COVID-19 kelib chiqishining “haqiqiy sababini” ochiqladi 

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari COVID-19 virusini Xitoydagi laboratoriyada yaratilgan, deb hisoblaydi. Bu haqda Oq uyning rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Xabarga ko‘ra, SARS-CoV-2 virusi Xitoydagi tadqiqot laboratoriyasidan sizib chiqishi oqibatida paydo bo‘lgan. Shunday qilib, AQSH federal hukumati COVID-19 kelib chiqishining laboratoriya versiyasi rasman 7 millionga yaqin odam vafot etishiga sababchi, deb o‘ylamoqda.

Oq uy ma’muriyati o‘z pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun dalillar keltirgan. Unga ko‘ra, virus “tabiatda uchramaydigan biologik xususiyatlarga” ega, COVID-19 bilan kasallanishning barcha holatlari bir manbadan kelib chiqqan. 

Qo‘shimcha qilinishicha, Xitoyning Uxan shahrida koronavirusni o‘rganish bo‘yicha yetakchi laboratoriya mavjud bo‘lib, unda bioxavfsizlik darajasi yetarli bo‘lmagan va virus funksiyalarini kuchaytirish bo‘yicha tajribalar o‘tkazilgan. Tramp ma’muriyatining ta’kidlashicha, Uxan virusologiya instituti xodimlarida COVID-19ʼga o‘xshash alomatlar 2019 yil kuzida – rasmiy epidemiya boshlanishidan bir necha oy oldin paydo bo‘lgan. Shuningdek, Oq uy bayonotida qayd etilishicha, virusning tabiiy kelib chiqishi haqida ishonchli dalillar taqdim etilmagan.

“Fanning barcha mezonlariga ko‘ra, agar tabiiy kelib chiqish dalillari mavjud bo‘lsa, ular allaqachon paydo bo‘lgan bo‘lardi, lekin ular yo‘q”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Ma’lumot uchun, yanvar oyida ham AQSH koronavirus tabiiy ravishda emas, balki sun’iy ravishda paydo bo‘lgani haqida hisobot e’lon qildi, ammo bunga aniq dalillar keltirilmagan. Mart oyida AQSH sudi Xitoy hukumatini pandemiya boshida koronavirus tarqalishi haqidagi ma’lumotlarni yashirganlikda aybdor deb topdi va Xitoydan 24 milliard dollardan ortiq mablag‘ undirishga qaror qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda ko‘rshapalaklarda COVID-19ʼga o‘xshash yangi koronavirus aniqlangani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

COVID-19

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing